Turizm sohasida yangi hamkorlik
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magi hamda Buxoro viloyati turizm boshqarmasi hamkorligida Pokiston Islom Respublikasining turizm sohasi vakillaridan iborat delegatsiyaning Buxoro viloyatiga tashrifi tashkil etildi. Mazkur tashrif ikki davlat o‘rtasida turizm sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash va Buxoroning xalqaro turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qildi.
Tashrif doirasida mahalliy turistik kompaniyalar, mehmonxona va servis xizmatlari vakillari hamda pokistonlik turoperatorlar ishtirokida V2V formatida uchrashuv o‘tkazildi. Samimiy va ishchan ruhda kechgan muloqotlar davomida tomonlar sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish, qo‘shma turistik dasturlar ishlab chiqish, ziyorat turizmi imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda xizmat ko‘rsatish sifatini xalqaro talablar darajasiga olib chiqish masalalarini muhokama qildi.


Uchrashuvlarda Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, muqaddas qadamjolari, milliy hunarmandchilik an’analari va zamonaviy turistik infratuzilmasi haqida keng ma’lumotlar taqdim etildi. Ayniqsa, Pokiston sayyohlari uchun ziyorat turizmi, madaniy sayohatlar va milliy an’analarga boy yo‘nalishlar katta qiziqish uyg‘otdi.


Shuningdek, tomonlar o‘rtasida turistik marshrutlarni birgalikda targ‘ib qilish, marketing ishlarini kuchaytirish, tajriba almashish va turizm sohasidagi tadbirkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha qator muhim kelishuvlarga erishildi. Bu esa kelgusida ikki mamlakat o‘rtasida turistlar oqimining yanada ortishiga xizmat qilishi kutilmoqda.


Ta’kidlash joizki, mazkur tashrif Buxoro viloyatining xalqaro turizm bozoridagi o‘rnini mustahkamlash, uning salohiyatini Pokistonda keng targ‘ib qilish va yangi investitsion hamkorlik imkoniyatlarini yaratish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.

Buxoro va Pokiston turizm sohasi vakillari o‘rtasidagi mazkur muloqotlar nafaqat ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadi, balki xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy yaqinlikni yanada mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri