An’anaviy hamda zamonaviy ilmiy yondashuvlar uyg‘unligi
Buxoro azaldan nafaqat Sharq sivilizatsiyasining yirik markazlaridan biri, balki insoniyatning noyob madaniy boyliklari saqlanib kelayotgan muqaddas maskan sifatida ham e’tirof etiladi. Bugungi kunda viloyatda jami 829 ta moddiy-madaniy meros ob’ekti davlat muhofazasiga olingani, 1993-yilda UNESCOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy markaz hududi 216 gektar, muhofaza hududi esa 339 gektar etib belgilangani bu hududning nechog‘lik yuksak ahamiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Qadimiy obidalar, muzey fondlarida saqlanayotgan minglab noyob eksponatlar nafaqat mahalliy aholi, balki xorijlik sayyoh va tadqiqotchilarni ham hayratga solib kelmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda Fransiyaning yetakchi muzeylari va restavratsiya markazlari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari Buxoro madaniy merosini asrab-avaylash, uni xalqaro standartlar asosida tiklash va kelajak avlodga bezavol yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi huzuridagi Milliy restavratsiya markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida bugun Buxoroda ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yaqin kunlarda viloyatda mintaqaviy restavratsiya markazi o‘z faoliyatini boshlashi kutilmoqda.
Mazkur markaz tarixiy ahamiyatga ega tadqiqotlarni olib borish, restavratsiya sohasiga zamonaviy texnologiya va ilg‘or xorijiy tajribalarni tatbiq etish, ilmiy-amaliy asoslangan takliflar ishlab chiqishga xizmat qiladi. Loyihaning dastlabki bosqichida esa Fransiya bilan hamkorlikda restavratsiya va konservatsiyaning zamonaviy uslublarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
[gallery-29362]
Shu maqsadda Fransiyaning yetakchi muzeylari va ilmiy markazlari mutaxassislari Buxoroga tashrif buyurib, tarixiy obidalar hamda muzey fondlaridagi eksponatlarning saqlanish holati bilan yaqindan tanishdi. Ularning ishtirokida amaliy va nazariy seminarlar tashkil qilinib, an’anaviy usullar hamda zamonaviy ilmiy yondashuvlar uyg‘unlashtirildi.
– Men O‘zbekistondagi restavratsiya ishlarini 2018-yildan beri o‘rganib kelaman, – deydi fransiyalik restavrator Delfine Eliye-Lefebvre. – Fransuz tajribasi asosida tarixiy obidalarni asrab qolishga qaratilgan bir qator ilmiy qo‘llanmalar tayyorladik. Hozirgi asosiy maqsadimiz muzey mutaxassislarining malakasini oshirish va ularni xalqaro standartlar asosida ishlashga tayyorlash. Restavrator bu shunchaki usta emas, balki tarix shifokoridir. Eksponatning “tashxisi”ni to‘g‘ri qo‘yish va uni asrab qolishning eng samarali yo‘lini topish juda muhim.
Fransiya bilan hamkorlik nafaqat Buxoro, balki butun mamlakat madaniy merosini asrashga qaratilgan keng qamrovli dasturni o‘z ichiga olgan. Unga ko‘ra, malakali restavratorlar, arxeologlar, konservatorlar va usta-hunarmandlar tayyorlash maqsad qilingan. Shu bois o‘quv-seminarlarga yurtimizning turli hududlaridan soha vakillari jalb etilmoqda.
– Malaka oshirish kurslarining asosiy maqsadi xorij tajribasini o‘rganish va uni ta’lim jarayoniga tatbiq etishdir, – deydi Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti professori Zuhra Dasmetova. –Ayniqsa, yog‘och o‘ymakorligi va muzey ekspozitsiyalarini saqlash borasidagi yangi texnologiyalar biz uchun juda katta tajriba bo‘lmoqda. Xorijlik mutaxassislar eksponatlarning umrini uzaytirish, ularni tashqi ta’sirlardan himoya qilish bo‘yicha samarali usullarni o‘rgatmoqda.
Loyiha doirasida faqat tarixiy binolarni ta’mirlash emas, balki muzeylarda saqlanayotgan noyob eksponatlarni qayta tiklash va ularni zamonaviy talablar asosida namoyish etish masalalariga ham ustuvor ahamiyat berilmoqda.
– Seminarlarda ishtirok etgan restavratorlar muzey ashyolari ustida bevosita amaliy ish olib bordi, – deydi Buxoro muzey-qo‘riqxonasi ilmiy xodimi Saodat Naimova. – Ular eksponatlarni tashqi zararlardan muhofaza qilish, konservatsiya qilishning murakkab jarayonlarini amalda sinovdan o‘tkazdi. Bu tajriba muzey fondlarida saqlanayotgan noyob ashyolarni kelajak avlodga asl holicha yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Men Fransiyada konservator sifatida faoliyat yuritaman. Tarixning har bir zarrasini asrab qolish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri. Biz ushbu loyihada asosan eksponatlarni restavratsiya va konservatsiya qilishning amaliy jihatlariga e’tibor qaratdik. Bu jarayon ishtirokchilarga nafaqat nazariy bilim, balki xalqaro standartlar asosida ishlash ko‘nikmasini ham bermoqda. O‘zbekistonda bunday tashabbuslarning amalga oshirilayotgani tahsinga loyiq, – deydi fransiyalik konservator An Yeji.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, madaniy meros ob’ektlarining betakrorligi va ularning xalqaro tashkilotlar diqqat markazida ekani restavratsiya ishlarini qat’iy talablar asosida amalga oshirishni taqozo etadi. Shu bois bugungi kunda Fransiyadan tashqari Eron, Italiya va Turkiyadan ham malakali usta-restavratorlar va loyihachilar jalb qilinib, hamkorlik ko‘lami yanada kengaymoqda.
Buxoroda boshlangan ushbu yirik loyiha nafaqat tarixiy obidalarni asrab qolish, balki milliy madaniy merosni xalqaro standartlar asosida muhofaza qilishning yangi bosqichini boshlab bermoqda. Ilg‘or xorijiy tajriba, zamonaviy texnologiya va mahalliy mutaxassislar salohiyati uyg‘unlashgan mazkur tashabbus kelajak avlodga boy va betakror tariximizni bus-butun yetkazishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.