Turizm sohasi vakillari bilan ochiq muloqot
Bugungi kunda turizm mamlakat iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri sifatida yangi ish o‘rinlari yaratish, hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va xizmatlar sohasini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, boy tarixiy-madaniy merosga ega Buxoro viloyatida turizm industriyasini yanada rivojlantirish, sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning takliflarini o‘rganish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Bobokalonov hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari ishtirokida Buxoro viloyatida turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Uchrashuv davomida sohadagi mavjud muammolar, turistik xizmatlar sifatini oshirish, infratuzilmani takomillashtirish va turizm salohiyatidan yanada samarali foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tadbirkorlar tomonidan turizm tarmog‘ining bugungi holati va kelgusidagi rivojlanish istiqbollari yuzasidan qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

Xususan, turoperatorlar faoliyatiga tatbiq etilayotgan qo‘shimcha qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz va yengilliklar yaratish, turistik ob’ektlarga olib boruvchi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilish, ichki va tashqi turistlar oqimini ko‘paytirish maqsadida qo‘shimcha temir yo‘l qatnovlarini tashkil etish kabi masalalar ko‘tarildi.

Shuningdek, turizm sohasida yilning ayrim davrlarida kuzatiladigan mavsumiylik ta’sirini kamaytirish, yil davomida turistlar oqimini barqaror saqlash, yangi turistik yo‘nalishlar va xizmat turlarini joriy etish bo‘yicha ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan muloqotda mutasaddi tashkilotlar vakillari tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan har bir masala yuzasidan amaldagi qonunchilik hujjatlari, davlat standartlari va sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shu bilan birga, sohani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mavjud mexanizmlar va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham tushuntirishlar berildi.
Tadbir ishtirokchilari bu kabi muloqotlar sohadagi muammolarni aniqlash, ularni tezkor hal etish hamda davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Ochiq muloqot yakunida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan murojaat va takliflar tegishli vazirlik va idoralarga yo‘naltirilib, ularni chuqur o‘rganish hamda amaliy yechimlar ishlab chiqish bo‘yicha zarur vazifalar belgilab olindi.
Buxoroda tashkil etilgan mazkur ochiq muloqot turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning fikr va tashabbuslarini eshitish, ularni qiynayotgan muammolarni joyida o‘rganish hamda samarali yechimlar ishlab chiqish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri