O‘zbekistonda subsidiya dasturlari turizm sohasida xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tomonidan mamlakatda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi xizmat turlarini yaratish hamda xususiy investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida bir qator yirik turistik ob’ektlar foydalanishga topshirilmoqda. Xususan, mehmonxona biznesi, ko‘ngilochar maskanlar va ekstremal turizm yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan subsidiyalar hamda davlat qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari sohaning jadal o‘sishiga xizmat qilmoqda.
Jumladan, Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidagi “Langar” turizm mahallasida barpo etilgan yangi ko‘ngilochar maskan shular jumlasidandir. Zamonaviy turistik talablarga mos ravishda qurilgan mazkur dam olish hududi 800 metr uzunlikdagi ziplayn, 200 metrlik tyubing yo‘lagi, zamonaviy restoran va selfi zona kabi xizmatlarni o‘z ichiga oladi. Bunday loyihalar davlat subsidiyalari va investorlar tashabbusi asosida amalga oshirilib, hududda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, poytaxt Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 84 xonali, 3 yulduzli “RAUZA” mehmonxonasi ham sayyohlarga yuqori standartlarda xizmat ko‘rsatishni boshladi. Mehmonxona shahar markazida, metro bekatiga yaqin hududda joylashgan bo‘lib, bu uni MICE turizmi hamda mehmonlar uchun juda qulay maskanga aylantiradi. Unda standart va lyuks toifadagi xonalar mavjud bo‘lib, har biri zamonaviy dizayn, qulay mebellar va dam olish uchun zarur barcha sharoitlar bilan jihozlangan. Shuningdek, mehmonxona atrofida joylashgan turli kafe va restoranlar mehmonlar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi.

Xorazm viloyatining Urganch shahrida joylashgan “SHERLINE” va “NOVA” mehmonxonalari ham turizm infratuzilmasini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samarasidir. Ushbu mehmonxonalar hududga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun zamonaviy va qulay joylashuv xizmatlarini taqdim etishga xizmat qilmoqda.


Ta’kidlash joizki, Turizm qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan subsidiya dasturlari hamda xususiy sektor bilan hamkorlikda barpo etilayotgan zamonaviy ob’ektlar O‘zbekistonning turistik jozibadorligini oshirish, ichki va tashqi sayyohlar oqimini ko‘paytirish, shuningdek, hududlar iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA