Tungi Nasaf jozibasi
Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahrining gavjum ko‘chalaridan biri — Nasaf ko‘chasi kunduzi ham, tungi paytda ham o‘zgacha qiyofa kasb etadi. Ayniqsa, oqshom chog‘i ko‘cha bo‘ylab yoqilgan chiroqlar, obod hududlar va zamonaviy bezaklar shaharga alohida fayz bag‘ishlaydi.
Kechki payt Nasaf ko‘chasi yoritish chiroqlari shu’lasida yanada ko‘rkam qiyofa kasb etadi. Ko‘cha bo‘yidagi restoran, kafe va qahvaxonalarning gavjumligi, sayrga chiqqan shaharliklar va mehmonlar oqimi Qarshining tungi hayotiga o‘zgacha jo‘shqinlik bag‘ishlaydi.
[gallery-31939]
o‘cha uzra o‘rnatilgan yoysimon yoritish inshootlari hamda manzarali bezaklar o‘ziga xos me’moriy uyg‘unlikni namoyon etadi. Daraxtlarga o‘rnatilgan rang-barang chiroqlar esa atrofga yanada ko‘rkamlik bag‘ishlab, tungi shahar manzarasini boyitadi. Osmonda charaqlagan hilol bilan chiroqlar shu’lasi uyg‘unlashib, Nasaf ko‘chasiga betakror tarovat bag‘ishlaydi.
Bugun Nasaf ko‘chasi nafaqat shaharning muhim harakatlanish va savdo maskanlaridan biri, balki aholi uchun sevimli sayilgoh hamdir. Bu yerda oilalar, yoshlar va do‘stlar davrasida kechki hordiq chiqarish, sayr qilish va vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun barcha qulayliklar mujassam.
Qarshining tungi qiyofasini o‘zida aks ettirgan Nasaf ko‘chasi shaharning zamonaviy qiyofasi, obodlik va farovonlik muhitini namoyon etuvchi manzillardan biriga aylanmoqda.
Jamshid NORQOBILOV (surat+video), O‘zA