O‘zA surishtiruvi: 4 oylik muammo qanday hal bo‘ldi?
Murojaatlarga javob bermaslik ham, muammoni orqaga surish ham mumkin. Ammo aholi dardiga quloq tutib, masalani hal etishga harakat qilish — mas’uliyat belgisi. Yaqinda O‘zA tahririyati tomonidan bir murojaat o‘rganildi. To‘rt oydan beri yechimini kutayotgan muammo Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda «TTZ CITY» BSK bilan hamkorlikda bartaraf etildi. Bu gal tanqid emas, e’tirof uchun asos bo‘lib kelayotgan jihat — muammoga befarq qaramaslik haqida gapirmoqchimiz...
Fuqarolar murojaatiga munosabat — har qanday tashkilotning ish uslubi va mas’uliyatini ko‘rsatadigan muhim mezon. Ayrim idoralar muammoni bartaraf etish uchun tezkor chora ko‘rsa, boshqalarida murojaatga javob olishning o‘zi muammoga aylanadi. Biroq, aholi dardiga quloq tutib, masalani amaliy yechimgacha yetkazadigan tashkilotlar ham bor. Ularning tajribasi e’tirofga va boshqalar uchun o‘rnak bo‘lishga arziydi.
Murojaatlarni o‘rganish jarayonida turli holatlarga duch kelamiz. O‘z vakolati doirasidagi vazifalarni o‘z vaqtida bajaradigan, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga mas’uliyat bilan yondashadigan, fuqarolar va ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga batafsil javob beradigan tashkilotlar bor.
Afsuski, murojaatlarga yetarlicha e’tibor qaratmaydigan, savollarga aniq javob berishdan qochadigan yoki muammoning yechimini orqaga suradigan idoralar ham uchrab turadi. Bunday holatlarda fuqaro nafaqat o‘z muammosining hal etilishini kutadi, balki mas’ullarning e’tiborini qaratish uchun ham vaqt va kuch sarflashga majbur bo‘ladi.
Shu bois aholi murojaatini o‘z vaqtida ko‘rib chiqib, muammoning amaldagi yechimiga hissa qo‘shayotgan tashkilotlar faoliyatini ham e’tirof etish muhim. Zero, tanqid kamchiliklarni aniqlashga xizmat qilsa, ijobiy tajribani ommalashtirish boshqa tashkilotlarni ham mas’uliyatli ishlashga undaydi.
To‘rt oylik murojaat: muammo nimada edi?
Yaqinda O‘zA tahririyatiga kelib tushgan murojaat ham aholi xavfsizligi bilan bog‘liq jiddiy masalaga taalluqli edi. Murojaatchining bildirishicha, ko‘p kvartirali uylarning tashqi fasadlarida elektr simlari vaqtinchalik yechim sifatida derazalar qismiga o‘rnatilgan bo‘lib, ular bolalar qo‘li yetadigan balandlikda joylashgan.

Bu esa, ayniqsa, yosh bolalarning xavfsizligi yuzasidan xavotir uyg‘otgan. Bundan tashqari, uyning kirish eshigi yopilmasligi oqibatida begona shaxslar, jumladan, boshpanasiz va mast holatdagi kishilarning pod’ezddan vaqtinchalik boshpana sifatida foydalanishiga sharoit yuzaga kelgan.

Murojaatchining aytishicha, bu muammolar yuzasidan to‘rt oy davomida murojaat qilingan bo‘lsa-da, kutilgan natijaga erishilmagan.

Masalaning ahamiyatini inobatga olgan holda, tahririyat tomonidan surishtiruv boshlandi.
Dastlab ko‘p kvartirali uyga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyasi — «TTZ CITY» BSK rahbari Shoxruh Shoyakubov bilan bog‘lanildi. Kompaniya rahbari murojaat dispetcher tomonidan avvalroq qayd etilganini va elektr simlari bilan bog‘liq muammoni bartaraf etish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qildi. BSK rahbariga ko‘ra, bevosita aholi tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarning soni ko‘pligi, ayrim kerakli mutaxassislarning vaqt grafigi, mablag‘ ajratish masalalari ko‘ndalang turgani bois muammo yechimini kutib turgan. Albatta, boshqaruv servis kompaniyalari zimmasidagi vazifalarni bajarish jarayonida turli tashkiliy va texnik masalalarga duch kelishi mumkin. Shuning uchun muammoni faqat qayd etish bilan cheklanmasdan, uni hal etishda zarur ko‘mak va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham muhim.
Shundan kelib chiqib, ushbu masala yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmati bilan ham bog‘lanildi. Aholi, ayniqsa, bolalar xavfsizligi bilan bog‘liq holatga e’tibor qaratish va muammoni tizimli bartaraf etish zarurligi ta’kidlandi.
Hamkorlik natija berdi
Surishtiruv davomida vazirlik va «TTZ CITY» BSK bilan hamkorlikda muammoni hal etish choralari ko‘rildi. Natijada murojaatda ko‘tarilgan masala bu gal ham ijobiy hal etildi. Aholi va bolalar xavfsizligi ta’minlandi. So‘ng “Murojaatlar faqat surishtiruv boshlansagina BSK tomonidan e’tiborga olinadimi” degan savol bilan kompaniyaga biriktirilgan bir qator mahalla telegram kanallarini kuzatib ham, aksariyat murojaatlar ijobiy hal etib kelinayotgani va aholi tomonidan bildirilayotgan minnatdorchilik ruhidagi xabarlariga guvoh bo‘ldik.
Shu o‘rinda qayd etish joiz, BSK — Boshqaruv servis kompaniyalari ham ilgarigi oqsoq, aholi “toshbo‘ronlari”ga mubtalo bo‘lgan tashkilotlar emas. Eng muhimi, aholini tashvishga solgan holat e’tiborsiz qolmadi. Fuqarolarning murojaati, O‘zA surishtiruvi va mas’ul tashkilotlarning hamkorligi amaliy natija berdi. Mazkur holat yuzasidan aholi ham o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Bu o‘rinda asosiy e’tiborni bir jihatga qaratish lozim: fuqaroning muammosi hal etilishi uchun turli idoralar o‘rtasidagi hamkorlik qog‘ozda qolib ketmasligi, fuqarolar idorama-idora sarson bo‘lmasligi, muammolar aniq amaliy natijalar bilan yakunlanishi kerak. Vazirlik faoliyatiga alohida munosib baho berishimizga asosiy sabab esa — O‘zAga aholi tomonidan kelib tushgan murojaatlarning birontasi hali ijobiy natijasiz qolmagani.
Ijobiy tajriba e’tirofga loyiq
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining aholi murojaatlariga munosabatini baholashda bunday holatlar alohida ahamiyatga ega. Zero, vazirlik faoliyati faqat sohaviy masalalarni tartibga solish bilan cheklanmaydi. Uning tizimida aholi yashash sharoitlariga, ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ularga xizmat ko‘rsatish sifatiga daxldor ko‘plab masalalar ham hal etilishi lozim.

Vazirlikning rasmiy axborot kanallarida ham mas’ul rahbarlarning hududlarga chiqib, aholi muammolari bilan tanishishi va ularni hal etishga qaratilgan ishlari yoritib boriladi. Jumladan, vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayevaning joylarda aholi bilan uchrashuvlarda ishtirok etishi va mavjud muammolarga e’tibor qaratishi haqidagi ma’lumotlar ham e’tiborga molik.

Shu o‘rinda esa davlatimiz rahbarining “Xalq sening oldingga kelmasin, sen o‘zing uning oldiga borib muammosiga quloq tut” degan xitoblari yodimizga tushadi...
Darhaqiqat, rahbarning faoliyati faqat kabinetda qaror qabul qilish bilan emas, balki hududlardagi haqiqiy vaziyatni o‘rganish, odamlarning muammolarini eshitish va ularning hal etilishiga ko‘maklashish bilan ham baholanadi.
Albatta, har qanday tashkilot faoliyatida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar topiladi. Ammo mavjud kamchiliklarni yashirish emas, ularni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishga intilish, fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘rnatish va jamoatchilik nazoratiga to‘g‘ri munosabatda bo‘lish — mas’uliyatli boshqaruvning muhim belgilari.
Xulosa o‘rnida
Ommaviy axborot vositalarining vazifasi muammolarni ko‘tarib chiqish, ularning sabablarini o‘rganish va jamoatchilik e’tiborini dolzarb masalalarga qaratishdan iborat. Biroq, ijobiy natijalarni e’tirof etish, aholi manfaati yo‘lida samarali ishlayotgan tashkilotlar tajribasini ommalashtirish ham jurnalistikaning muhim vazifalaridan biridir.
«TTZ CITY» BSK va Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan bog‘liq ushbu holat muammoni hal etishda o‘zaro hamkorlik va mas’uliyat qanday natija berishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Albatta, bir murojaatning hal etilishi barcha muammolar bartaraf etilganini anglatmaydi. Ammo bu kabi ijobiy tajribalarni e’tirof etish va ommalashtirish orqali aholi murojaatlariga befarq bo‘lmaslik, muammolarga o‘z vaqtida munosabat bildirish va ularni amaliy yechimgacha yetkazish madaniyatini mustahkamlash mumkin.
Zero, davlat xizmatining haqiqiy mezoni — qancha murojaat qabul qilingani emas, balki ular ortida turgan insonlarning muammosi qay darajada hal etilgani. Aslida fuqaro dardini eshitish, mas’uliyatni his qilish va ijobiy natija uchun harakat qilish — boshqa tashkilotlar ham o‘rnak olishi lozim bo‘lgan yondashuv.
Mohichehra Eshmirzayeva,
O‘zA