Tungi maxsus-taktik öquv maşqi ötkazildi (video)
Favqulodda vaziyatlarda bir daqiqalik keçikiş ham inson hayoti uçun xavf tuğdirişi mumkin. Ayniqsa, jumladan, mustaqil harakatlana olmaydigan bemorlar davolanayotgan tibbiyot muassasalarida tezkorlik, aniq harakat va hamjihatlik nihoyatda muhim.
Ana şu jihatlarni inobatga olgan holda, Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boşqarmasi tomonidan Sirdaryo tumani tibbiyot birlaşmasida tungi maxsus-taktik öquv maşqi taşkil etildi. Maşq ssenariysiga köra, muassasada şartli yonğin holati yuzaga keltirilib, bemorlarni xavfsiz hududga evakuatsiya qiliş jarayoni modellaştirildi. Bunda tibbiyot xodimlari va masʼul xizmatlarning favqulodda vaziyatda tezkor qaror qabul qilişi, harakatlar muvofiqligi hamda bemorlar xavfsizligini taʼminlaşga tayyorligi baholandi.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boşqarmasi boşliğining birinçi örinbosari, polkovnik Şerali Ernazarov rahbarligida ötgan maşğulotda mustaqil harakatlana olmaydigan bemorlarni evakuatsiya qiliş, ularni xavfsiz hududga köçiriş va masʼul xizmatlarning özaro hamkorligini taʼminlaşga alohida eʼtibor qaratildi.
— Bunday maşqlardan közlangan asosiy maqsad — yonğin yoki boşqa favqulodda vaziyatlarda tibbiyot muassasasi xodimlarining tezkor va töğri harakat qiliş könikmalarini oşiriş, bemorlarni xavfsiz hududga evakuatsiya qiliş tartibini amalda sinaş hamda masʼul xizmatlar örtasidagi hamkorlikni mustahkamlaşdan iborat.
Tibbiyot muassasalarida mustaqil harakatlana olmaydigan bemorlar ham bölişini hisobga olsak, xavfsizlik çoralarini oldindan belgilaş va xodimlarni bunday holatlarga muntazam tayyorlaş zarur. Öquv maşqlari davomida amaliy tayyorgarlik baholanib, aniqlangan kamçiliklarni bartaraf etiş çoralari belgilanadi, — deydi Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boşqarmasi xodimi, kapitan Davron Sulaymonov.

Bunday tungi maşğulotlar viloyatda kuz-qiş mavsumini betalafot ötkaziş, ijtimoiy soha obʼektlarida yonğin xavfsizligini taʼminlaş va ehtimoliy favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni kuçaytirişda muhim ahamiyatga ega.

— Muassasamizda taşkil etilgan mazkur öquv maşğuloti nafaqat tibbiyot xodimlari, balki davolanayotgan va maşq jarayonida iştirok etgan bemorlarimiz uçun ham foydali böldi. Maʼlumki, kuz-qiş mavsumida gaz va isitiş peçlaridan foydalaniş qoidalariga rioya etmaslik oqibatida turli köngilsiz holatlar, hatto favqulodda vaziyatlar yuzaga kelişi mumkin. Bunday paytda sarosimaga tuşgan inson qanday harakat qilişni bir zumga bölsa-da unutişi mumkin. Bu esa jiddiy oqibatlarga sabab böladi.
Bugungi maşğulot davomida Favqulodda vaziyatlar tizimi xodimlari yonğin yoki boşqa xavfli holatlar yuzaga kelganda qanday harakat qiliş, xavfsizlik qoidalariga amal etiş va evakuatsiya jarayonini töğri taşkil qiliş böyiça zarur tavsiya va maslahatlar berdilar. Tibbiyot xodimlarimiz ham şartli vaziyatda bemorlarni xavfsiz hududga olib çiqiş, ularga zarur yordam körsatiş va özaro hamkorlikda harakat qiliş böyiça öz bilim hamda könikmalarini amalda sinovdan ötkazdilar.
Eng muhimi, bunday maşğulotlar xodimlarimizning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini oşiriş, masʼuliyatini kuçaytiriş, bemorlar hayoti va salomatligini muhofaza qilişga xizmat qiladi, — dedi tuman tibbiyot birlaşmasi boş şifokori Akrom Azizqulov.

Bir söz bilan aytganda, favqulodda vaziyatlarda inson hayotini asrab qoliş puxta tayyorgarlik, masʼuliyat va hamjihatlikka boğliq. Har bir xodim öz vazifasini aniq bilsa va zarur paytda töğri harakat qilsa, xavf-xatarning oqibatlarini kamaytiriş imkoniyati ortadi.
Ğulom Primov, ÖzA muxbiri