TRIPP loyihasi allaqachon boshlangan
– TRIPP nomi bilan tanilgan loyihani amalga oshirish allaqachon boshlangan, – dedi Prezident Ilhom Aliyev Naxchivonda Ozarbayjon televideniyesiga bergan intervyusida. – Uch kun oldin, 8-avgust kuni Prezident Donald Tramp bilan suhbat chog‘ida bu masala ham ko‘tarildi va tomonlar ushbu muhim tashabbus yaqin kelajakda faol ilgari surilishiga ishonch bildirdi.
Shuningdek, davlat rahbari Zangezur yo‘lagini yaratish Boku tashabbusi ekaniga urg‘u berib, Ozarbayjonning asosiy qismini mamlakatga tegishli ajralmas hudud hisoblangan Naxchivon bilan bog‘lash asosiy maqsadligini ta’kidladi.
Qo‘shimcha qilinishicha, Ozarbayjon shu reja yo‘lida ishonch bilan harakat qilmoqda va maqsadga allaqachon yaqinlashgan.
Bundan tashqari yetakchi Ikkinchi Qorabog‘ urushi tugagandan so‘ng temir yo‘l va avtomobil trassalarini tiklash, jumladan Naxchivon tomon yo‘l yotqizish boshlanganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Horadiz-Ag‘bend avto magistrali deyarli yakunlangan, temir yo‘l qurilishi ham jadal sur’at bilan davom ettirilmoqda.
– Bu loyihani istalgan vaqt tezlashtirish mumkin, – dedi Aliyev. – Shunchaki hozir bunga ehtiyoj ko‘rmayapmiz, chunki Armaniston tomoni hali tayyor emas.
Prezident ko‘plab xalqaro tashkilotlar, xususan Yevropa Ittifoqi va bir necha mamlakat Ozarbayjon temir yo‘lining Naxchivon qismiga qiziqish bildirayotganini ham ta’kidladi. YeI vakillari muxtor mintaqaga borib, vaziyat bilan joyida tanishgani va tashabbusda ishtirok etishga xohish bildirgani ta’kidladi.
S.Rahimov, O‘zA