Transport prokuraturasi: Fuqarolar va davlatga yetkazilgan 51 milliard so‘mlik zarar undirildi
O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi organlarining kengaytirilgan hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda 2026-yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyat natijalari tanqidiy muhokama qilindi.
Transport prokurori I.Narimov boshqargan majlisda joriy yilning o‘tgan davrida 3 mingdan ortiq prokuror nazorati hujjatlari qo‘llash orqali 2 ming nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklangani ta’kidlandi.
Tekshirishlar va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolarga va davlat manfaatlariga yetkazilgan 51 milliard so‘mlik zarar undirilgani qayd qilindi.
Hay’at yig‘ilishida prokurorlar tomonidan transportda ijtimoiy-iqtisodiy va maishiy sohalarda yig‘ilib qolgan muammolarni hal etish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jazo muqarrarligini ta’minlash va boshqa dolzarb yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar va mavjud muammolar alohida o‘rin egalladi.

Tadbirkorlar va yuk tashuvchilarga vagonlarni o‘z vaqtida yetkazib berish kabi muhim vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.
Yig‘ilishda mas’ullarning tushuntirish va izohlari tinglanib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ijro muddatlari belgilandi, aniq topshiriqlar berildi. Kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA