Tramp yo‘nalishi shunchaki yo‘l emas
– Tramp yo‘nalishi loyihasi (TRIPP) ilgari surilgandan bir yil o‘tib, AQSHning o‘rni nafaqat savdo sohasi, balki Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo geosiyosati uchun ham tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deyilgan “The Hill” gazetasida chop etilgan tahliliy maqolada.
Armaniston va Ozarbayjon ishtirokidagi mazkur tashabbus bu ikki mamlakatni Turkiya bilan bog‘lab, Yevropa va Osiyoni birlashtiradigan keng O‘rta yo‘lakning bir qismiga aylanadi. Yana bir afzallik Rossiya va Eronni chetlab o‘tib, savdo va transport aloqasini rivojlantirish imkoniyatidir.
Ta’kidlanishicha, Vashington uchun TRIPP mintaqadagi mamlakatlar mustaqilligini mustahkamlash vositasidir. Bu loyiha ayniqsa Rossiya – Ukraina urushi va Eron atrofidagi keskinlik kuchayishi asnosida juda muhim. Yo‘lak jahon savdosining dengiz yo‘liga bog‘liqligini sezilarli darajada kamaytiradi. Ayni payt Hurmuz bo‘g‘ozi, Qizil va Qora dengiz global savdo hamda energiya tizimi uchun asosiy bo‘g‘in nuqtalari bo‘lib qolmoqda. Bu hududlardagi har qanday mojaro yoki harbiy harakat ta’minotni tezda buzishi va narxni oshirishi mumkin.

O‘rta yo‘lakning ahamiyati faqat tranzit bilan cheklanmay, yanada keng imkoniyat yaratadi. Zero, Kaspiy mintaqasi va Markaziy Osiyo ulkan neft va gaz zaxirasi, shuningdek uran va noyob yer metallariga ega. Ishonchli quruqlik yo‘li G‘arb mamlakatlari ushbu resurslarga yetib kelishini osonlashtiradi, ma’lum yetkazib beruvchilarga qaramlikni kamaytiradi.
Ozarbayjon, Armaniston va Turkiya o‘rtasidagi aloqalarni saqlab qolgan holda, yirik energetika va telekommunikatsiya loyihalari shimolda yanada rivojlantirilishi mumkin.

Qo‘shma Shtatlar uchun TRIPP loyihasining asosiy ta’siri mintaqadagi mavqeni mustahkamlashdir. Vashington transport loyihasini iqtisodiy va strategik hamkorlikning uzoq muddatli vositasiga aylantirishga intiladi. AQSHning Yevropa va Osiyodagi ittifoqchilari, xususan YeI, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Janubiy Koreya mazkur yo‘lakni rivojlantirishda ishtirok etishdan manfaatdor. Bu davlatlar va mintaqalar uchun ayni yo‘nalish savdo yo‘li, quvvat manbasi va muhim resurs yetkazib berish imkoniyatini ham taqdim etadi.
Xullas, TRIPP Yevrosiyoda ta’sirga ega bo‘lish yo‘lida kechadigan jiddiy raqobatning bir bo‘lagiga aylanmoqda. Vashington uchun esa tashabbus G‘arbga eltadigan yangi muqobil yo‘l va yangi aloqa tizimini yaratish imkoniyati sifatida baholanmoqda.
S.Rahimov, O‘zA