Tramp YeIni Kanada bilan yaqinlashmaslik haqida ogohlantirdi (+video)
DW xabariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp Yevropa Ittifoqi va Kanada o‘rtasidagi hamkorlik kengaysa, YeI bilan savdoni to‘xtatishini aytgan.
Tramp Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayenning Kanadani YeIning birinchi uyushgan a’zosiga aylantirish rejalariga munosabat bildirar ekan, agar ular shunday qilsa juda yuqori bojlar joriy qilishini yoki Yevropa bilan savdoni to‘xtatishini ma’lum qilgan.
16-sentabr kuni Yevropa parlamentida Kanada bosh vaziri Mark Karni ishtirokida nutq so‘zlagan Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen YeI Kanada bilan munosabatlarni imkon qadar yuqori darajaga olib chiqmoqchi ekanini aytdi. U Kanadani Mark Karni bilan birgalikda YeIning birinchi uyushgan a’zosi bo‘lishi uchun ishlash niyatida ekanini ma’lum qildi.
Fon der Lyayen bunday hamkorlik qanday shaklda bo‘lishi haqida aniq ma’lumot bermadi. Ammo u texnologiyalar va mudofaa sanoati sohalarida hamkorlik qilish mumkinligini aytdi. Shu bilan birga, Yevropa Komissiyasi rahbari Kanada va YeIning hamkorligi boshqa davlatlarga qarshi qaratilmasligini, uning maqsadi har ikki tomonni kuchaytirish ekanini ta’kidladi. Kanada ham, YeI ham AQSH prezidenti Donald Trampning oldindan aniq aytib bo‘lmaydigan savdo va tashqi siyosati ta’sirini his qilmoqda.
Shu sababli Kanada va Yevropa Ittifoqi yangi hamkorlar va ittifoqlarni izlamoqda. Shu orada Oq uy Donald Trampning Kanada tovarlarining AQSHdagi federal davlat xaridlarida ishtirok etishini taqiqlovchi memorandumni imzolaganini ma’lum qildi. Vashington bu qarorni Kanadaning AQSH kompaniyalari uchun davlat xaridlari bozoriga kirishni qiyinlashtiruvchi yangi to‘siqlar joriy qilgani bilan izohladi. 15-sentabrdan AQSH ma’muriyati Kanadadan olib kiriladigan pishloq, po‘lat, alyuminiy, qog‘oz, mebel, yoritish jihozlari va boshqa tovarlarga qo‘shimcha 50 foizlik bojlar joriy qildi. Tramp ma’muriyati vakillarining aytishicha, bu qaror Kanadaning AQSH tovarlariga nisbatan yangi bojlar joriy qilganiga javob bo‘lgan. 15-sentabrdan Kanada ham AQSHdan taxminan 20 milliard dollarlik tovarlar importiga nisbatan bojlarni kuchga kiritdi.
Kenja Bekjonov, O‘zA