Chelsini kim sotib oldi?
“Clearlake Capital Group” investitsiya jamg‘armasi hammuassislar Todd Boeli va Mark Uolterga tegishli Angliyaning “Chelsi” futbol jamoasi minoritar ulushini sotib olib, klub ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga olishini tasdiqladi.
Xabarga ko‘ra, taxminan 950 million funt sterling ($1,27 milliard)ga baholangan ushbu bitimdan so‘ng amerikalik tadbirkor Todd Boeli London klubi raisi lavozimini topshiradi. Bahdod Eg‘boli va Xose E.Felisiano tomonidan asos solingan “Clearlake” jamg‘armasi klubning chorak qismini tashkil etgan ulushni sotib olishda shveysariyalik milliarder Xansyorg Viss bilan hamkorlik qildi. Klub rahbariyati kundalik amaliyot, rahbariyat va rivojlanish rejasida hech qanday o‘zgarish bo‘lmasligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Boeli, Uolter, Viss va “Clearlake” konsorsiumi Chelsini 2022-yil mayda rossiyalik milliarder Roman Abramovichdan 4,25 milliard funt sterlingga sotib olgan. Raislikdan ketayotgan Todd klubni boshqarish o‘zi uchun sharaf bo‘lganini ta’kidlab, “Clearlake” rahbarligida “Chelsi” kelgusida ham muvaffaqiyat qozonishiga ishonch bildirdi. Hozir jamoa Angliya Premer-ligasi yangi mavsumidagi dastlabki o‘yinlardan so‘ng musobaqa jadvalida oltinchi o‘rinni egallab turibdi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA