Tramp FIFA rahbari Infantino haqida bayonot berdi
Trampning fikricha, FIFA Infantinoni almashtirish masalasini ko‘rib chiqsa, jiddiy xatoga yo‘l qo‘yadi.
AQSH prezidenti Donald Tramp FIFA prezidenti Janni Infantinoning tashkilot rahbari lavozimidan ketishi ehtimoli yuzasidan munosabat bildirdi.
Trampning fikricha, FIFA Infantinoni almashtirish masalasini ko‘rib chiqsa, jiddiy xatoga yo‘l qo‘yadi. U bu haqda o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozdi.
“FIFA qanday sababga ko‘ra bo‘lmasin, prezidenti Janni Infantinoni almashtirishni hatto ko‘rib chiqsa ham, dahshatli xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘ladi”, — dedi Tramp.
AQSH prezidenti Infantinoning faoliyatiga yuqori baho berib, uni “ajoyib rahbar” deb atadi. Shuningdek, Tramp uning rahbarligida o‘tgan Jahon chempionatini alohida e’tirof etdi.
“U avvalgilaridan to‘rt baravar muvaffaqiyatli bo‘lgan Jahon chempionatiga boshchilik qildi. Agar Infantino ketsa, Jahon chempionatlari hech qachon avvalgidek muvaffaqiyatli va foydali bo‘lmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi Tramp.
Infantino atrofidagi vaziyat so‘nggi kunlarda FIFA ichida kuchayib borayotgan qarama-qarshiliklar fonida muhokama qilinmoqda. Tashkilot rahbariga nisbatan tanqidlar va uning iste’fosini talab qilayotganlar soni ortgan.