Tramp Eronga rejalashtirilgan hujumni bekor qildi
AQSH prezidenti Donald Tramp seshanba kuniga mo‘ljallangan Eronga qarshi harbiy hujumni orqaga surganini ma’lum qildi, deb xabar berdi Euronews.
Trampning aytishicha, bu qaror Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari rahbarlarining iltimosidan so‘ng qabul qilingan. Sabab sifatida esa hozir jiddiy muzokaralar olib borilayotgani ko‘rsatilgan.
Trampning ma’lum qilishicha, mintaqadagi ittifoqchilar Tehron bilan bitimga erishiladi deb hisoblamoqda va bu kelishuvning asosiy sharti Eron yadroviy qurolga ega bo‘lmasligidir.
Shu bilan birga, AQSH prezidenti harbiylarga zarbani bekor qilish haqida ko‘rsatma berganini, ammo agar maqbul kelishuvga erishilmasa, Eronga qarshi istalgan vaqtda keng ko‘lamli hujumga tayyor turish buyrug‘i ham berilganini aytdi.
So‘nggi kunlarda Tramp Eronga nisbatan bir necha keskin ogohlantirishlar bilan chiqqan edi. Xususan, yakshanba kuni u tinchlik kelishuviga erishilmasa, “Erondan hech narsa qolmasligi” bilan tahdid qilgan edi.
Avval ham Tramp Tehron uchun bir necha bor qat’iy muddatlar belgilagan, ammo keyinchalik bu qarorlaridan chekingan holatlar kuzatilgan.
Shu paytgacha tomonlar Pokistonda faqat bir marta muzokara o‘tkazgan. Aprel oyida e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi esa juda nozik holatda saqlanib turibdi.
Eronning Fars agentligi xabar berishicha, Vashington Tehronga besh banddan iborat taklif yo‘llagan. Unda Erondan faqat bitta yadroviy ob’ektni saqlab qolish va yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini AQSHga topshirish talab qilingan.
Eron esa o‘z taklifida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Hurmuz bo‘g‘ozini boshqarishni davom ettirishini ta’kidlagan. Bu dengiz yo‘li jahon energetikasi uchun muhim hisoblanadi va urush boshlanganidan buyon Eron uni asosan yopiq holda ushlab turibdi.
Tramp esa Hurmuz bo‘g‘ozi har qanday kelishuv doirasida ochilishi kerakligini aytmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VXDbZaKsqEs" title="Tramp Eronga rejalashtirilgan hujumni bekor qildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA