Tramp energiya narxlari oshishida Ukrainani aybladi (+video)
AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina Rossiyadagi dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish korxonalariga hujum qilishni to‘xtatishi kerakligini aytdi. Uning fikricha, bunday hujumlar dunyoda dizel yoqilg‘isi tanqisligiga va energiya narxlarining oshishiga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Euronews xabar qildi.
AQSH prezidenti bu haqda Irlandiyaga ikki kunlik tashrifi vaqtida gapirdi. Tramp shu tariqa energiya narxlarining tez ko‘tarilishida Ukraina hujumlarini asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rsatdi. Ammo, ayrim ekspertlar energiya narxlarining oshishida asosiy omil sifatida Tramp boshchiligida AQSH va Isroilning Eronga qarshi olib borayotgan urushini ko‘rsatmoqda.
Tramp bu gaplarni Irlandiyaga Ochiq golf turnirida qatnashishga borganida aytdi. U shuningdek Irlandiya bosh vaziri Mixol Martin bilan uchrashdi. Tramp Irlandiya Respublikasi va Buyuk Britaniya tarkibidagi Shimoliy Irlandiyaning yagona davlatga birlashishi mumkinligi haqida ham gapirdi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Endi Byornem esa avvalroq Irlandiyani birlashtirish bo‘yicha referendum masalasi hozircha kun tartibidan olinganini aytgan edi. Bosh vazirga yaqin manbalar shanba kuni Trampning bayonotlaridan keyin ham Britaniya hukumatining pozitsiyasi o‘zgarmaganini bildirdi.
1998-yilda tuzilgan «Yaxshi juma» tinchlik kelishuvi Shimoliy Irlandiyada 30 yildan ortiq davom etgan qurolli mojaroga barham bergan. Ushbu kelishuvga ko‘ra, agar Shimoliy Irlandiya aholisining ko‘pchiligi xohlasa, Irlandiyani birlashtirish mumkin. Lekin, bunday referendumni Buyuk Britaniya hukumati boshlashi kerak.
Manbalarning Euronews'ga ma’lum qilishicha, Trampning Irlandiyani birlashtirish haqidagi chaqiriqlari AQSH va Buyuk Britaniya o‘rtasida Eron urushi sabab kuchaygan keskinlik vaziyatida yangragan.
Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA