“Tracker” yukxonasidan qariyb 9 kg narkotik modda olindi
Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi va kontrabandasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari hamda Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda “Toshkent – Farg‘ona” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Tracker” rusumli transport vositasi yo‘l-patrul xizmati maskanida to‘xtatildi.
Farg‘ona shahrida yashovchi, 1990 y.t., muqaddam Jinoyat Kodeksining 166-moddasi (talonchilik) bilan sudlangan fuqaro boshqaruvida bo‘lgan avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning salonida haydovchi o‘z iste’moli uchun saqlab qo‘ygan 1,72 gr narkotik borligi aniqlandi va qo‘shimcha tekshiruv davomida transport vositasining yukxonasidan 8 kg 913 gr “gashish” moddasi olindi.

Tergovga qadar tekshiruv jarayonida aniqlanishicha, mazkur shaxs muqaddam narkokur’erlar tomonidan qo‘shni davlatdan Toshkent viloyati hududiga kontrabanda qilingan ushbu ajal og‘usini qabul qilib olib, doimiy yashash manziliga ketayotgan bo‘lgan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq holatlarga duch kelsangiz ДХХнинг 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.