Giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq holatlar aniqlandi
Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Xususan, “Qarshi – Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina YPX maskanida to‘xtatilib tekshirilganda, unda Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida yashovchi 1966 y.t. fuqaro yo‘lovchi sifatida ketayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur shaxsga tegishli qo‘l sumkasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning ichida sariq rangli skotch bilan o‘ralgan 5 dona bo‘lakda, jami 5 kg. 32 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib,ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Boshqa holatda esa Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida istiqomat qiluvchi, 1974 y.t. shaxs o‘ziningyashash xonadoni tomorqasida 33 tup “Kannabis”o‘simligini yetishtirayotganligi fosh etildi. Shuningdek, ushbu manzildan 7 kg. 79 gr. “Marixuana” giyohvandlik vositasi ham olindi.
Bu kabi holat Farg‘ona viloyatida ham qayd etilib, “Andijon-Qo‘qon” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi Bog‘dod tumani hududida to‘xtatildi.
Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan – Qo‘qon shahrida yashovchi 2001 y.t va 1982 y.t. fuqarolarga tegishli qoplar ichida 1200 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, ayni shu vaqtda “Spark” rusumli avtomashinada ular bilan ketma-ket harakatlanayotgan sherigi – 1986 y.t. shaxs ham qo‘lga olindi.
Bundan tashqari, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan, 1998 y.t. va 1980 y.t. 2 nafar fuqaro ham ushlandi hamda ulardan jami 345 dona “Tropikamid” va 15 dona “Regapen”dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Aniqlanishicha, mazkur shaxslar Qirg‘iz Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib kelib, sotish bilan shug‘ullangan.
Hozirda uchala holat bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA