Ijtimoiy himoya: oilalar ishonchini qozonish menga kuch beradi
Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olish, ularni yillar davomida qiynab kelayotgan muammolarga yechim topish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bunda mahallalarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlarning o‘rni ahamiyatli.
Buni Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi Xo‘jaxayron mahallasida faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodim Charos Yo‘ldoshova faoliyatida ham ko‘rish mumkin.
O‘z ishini aholining turmush sharoitini o‘rganish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni aniqlash va ularga zarur yordam ko‘rsatishga qaratgan Charos Yo‘ldoshova mahalladagi bir qancha oilalarning og‘irini yengil, kundalik hayotdagi muammolarni hal etish, kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga astoydil harakat qilmoqda.

Bugungi kunda Xo‘jaxayron mahallasida 6 ming 567 nafar aholi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, ularning orasida nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalar, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilalar ham bor va ular doimiy e’tibor va ko‘makka muhtoj. Charos Yo‘ldoshova asosiy e’tiborni u oilalarning sharoitini o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash va har bir holatga alohida yondashishga qaratadi. Natijada shu kunga qadar 94 ta ijtimoiy ish ochilib, har bir fuqaro yoki oilaning ehtiyojidan kelib chiqib rejalar tuzildi. Mazkur rejalar asosida zarur ijtimoiy xizmatlar tashkil etilib, ularning natijadorligiga erishilmoqda.
Masalan, mahalladagi 46 yoshli Nilufar Zoirovaning oilasidagi vaziyatni o‘rganish jarayonida uning uch nafar farzandi nogiron ekani aniqlandi. Ijtimoiy xodim tashabbusi bilan ushbu oilaning ikki nafar farzandi kunduzgi parvarish xizmatiga jalb etildi.

- Qaratilgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan boshim ko‘kka yetdi, - deydi N.Zoirova. – Farzandlarimni kunduzgi parvarish xizmatiga olinishi, ularning tarbiyasi va kundalik hayoti bilan maxsus mutaxassislar shug‘ullanayotgani zimmamdagi parvarish yukini yengillashtirdi. Bu esa bir ona sifatida meni juda quvontirmoqda.
Aytish joizki, ijtimoiy xodimning e’tibori faqat bugungi muammolarni hal etish bilan cheklanmaydi. U oilaviy sharoit va hayotiy vaziyatlarni o‘rganish orqali insonlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga ham ko‘maklashadi. Jumladan, mahalladagi 41 yoshli Kamola Jo‘rayeva oilasiga ham bir nechta yo‘nalishda ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish orqali quvonch ulashildi. Oilani o‘rganish davomida unda birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan ikki nafar shaxs borligi aniqlangan va oila Ijtimoiy reyestrga kiritilib, moddiy yordam tayinlangan.

Bundan tashqari, K.Jo‘rayevaning turmush o‘rtog‘i uzoq yillardan buyon yotib qolgani va nogironlik aravachasidan foydalanishi inobatga olinib, u “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida uyda parvarish xizmati bilan qamrab olindi. Yashash sharoitini yaxshilash maqsadida uy-joyni ta’mirlash uchun mablag‘ ajratilib, ta’mirlash ishlari to‘liq amalga oshirildi. Shuningdek, fuqaroga nogironlik aravachasi ham taqdim etildi. Shu orqali ushbu oilaning bir nechta muhim ehtiyojiga yechim topildi.

Charos Yo‘ldoshova faoliyati bilan bog‘liq bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Amalga oshirilayotgan bunday ezgu tashabbuslar orqali ijtimoiy xodimning vazifasi faqat muammoni aniqlash emas, balki uni hal etish uchun mavjud imkoniyatlarni ishga solishdan iborat ekanini ko‘rish mumkin.
Zero, har bir oilaning sharoiti, ehtiyoji va imkoniyati turlicha. Eng muhimi ijtimoiy xizmatlar manzilli tashkil etilishi, yordam haqiqatan ham unga muhtoj insonga yetib borishiga erishishdir.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri