Toza vodorod O‘zbekiston energetikasida qanday o‘rin egallaydi?
Toshkentda Global yashil o‘sish instituti (GGGI)ning “O‘zbekiston uchun toza vodorod” loyihasi doirasida toza vodorod bo‘yicha seminar va fokus-guruh muhokamasi o‘tkazildi.
Tadbirda vazirlik va davlat idoralari, universitetlar, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya muassasalari, davlat korxonalari, milliy sanoat va energetika kompaniyalari, shuningdek, xususiy sektor va tarmoq assotsiatsiyalari vakillari ishtirok etdi.
Unda so‘zga chiqqanlar mazkur tashabbus O‘zbekistonda toza vodorodni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilganini ta’kidladi. Loyiha doirasida institutsional salohiyatni oshirish, dalillarga asoslangan yechimlarni ishlab chiqish, manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va istiqboldagi investitsiya imkoniyatlarini aniqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mutaxassislar qayd etganidek, toza vodorod sanoat, transport va energetika sohalarida uglerod chiqindilarini kamaytirishga yordam beradigan istiqbolli energiya manbalaridan biri hisoblanadi. U ortiqcha energiyani saqlash, og‘ir sanoatda an’anaviy yoqilg‘ilardan foydalanishni kamaytirish va energetika tizimini yanada barqaror qilishda qo‘llanilishi mumkin. O‘zbekiston uchun esa quyosh va shamol kabi qayta tiklanuvchi energiya manbalari salohiyatidan foydalanib, toza vodorod ishlab chiqarish yangi texnologiyalarni joriy etish va investitsiyalarni jalb qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Mazkur yo‘nalish mamlakatning uzoq muddatli energetika tizimini rivojlantirish, sanoatni dekarbonizatsiya qilish va yashil iqtisodiy o‘sishga o‘tish maqsadlari bilan hamohang. Mamlakatimizda toza vodorod sektorini rivojlantirish bo‘yicha dastlabki qadamlar ham tashlangan. Xususan, Prezidentimizning tegishli qarori asosida Chirchiqda “yashil” vodorod tashabbusi yo‘lga qo‘yilgan.
Treninglarda ishtirokchilar toza vodorod texnologiyalari, qiymat zanjirlari, xalqaro siyosat va bozor tendensiyalari, loyihalarni ishlab chiqish va moliyalashtirish, xavfsizlik hamda ekologik masalalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirdi.
– Mazkur loyiha Energetika vazirligi ko‘magida amalga oshirilib, Koreya Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Korea Green New Deal Trust Fund” (KGNDTF) jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda. Seminar davomida vodorod sohasini rivojlantirish faqat texnologiya, saqlash, tashish va infratuzilmani rivojlantirish bilan cheklanmasligi ta’kidlandi. Buning uchun, avvalo, zarur me’yoriy-huquqiy bazani shakllantirish, sertifikatlash tizimini yo‘lga qo‘yish va sohada ishlaydigan mutaxassislarni tayyorlash ham muhim. Bugungi kabi treninglar kadrlar salohiyatini oshirishga xizmat qiladi, – dedi Energetika vazirligi departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Rixsiboyev.
Tadbir doirasidagi fokus-guruh muhokamasida ishtirokchilarning fikr va takliflari o‘rganilib, Milliy toza vodorod yo‘l xaritasi loyihasining asosiy yo‘nalishlari tahlil qilindi. Bu jarayon hujjatni O‘zbekistonning milliy ustuvor vazifalariga moslashtirish, sohadagi mavjud muammolarni inobatga olish va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA