Toyvo Klaar: O‘zbekistondagi keng qamrovli islohotlar Yevropa Ittifoqida yuksak baholanmoqda
Oliy Majlis Senatiga Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Toyvo Klaar tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash, parlamentlararo aloqalarni kengaytirish hamda ustuvor qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
T.Klaar O‘zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlar, parlament instituti rolini kuchaytirish va qonun ijodkorligi samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar Yevropa Ittifoqida yuksak baholanayotganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga Yevropa Ittifoqi manfaatdor ekanini bildirdi.

Muloqotda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning to‘liq kuchga kirishi ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikni yanada faollashtirish uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi. Shu munosabat bilan mazkur bitimni Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar parlamentlari tomonidan tezroq ratifikatsiya qilish muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirish, qonunchilik sohasida ilg‘or tajriba almashish, shuningdek, «Inter Pares» loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan qo‘shma dastur va tashabbuslarni izchil davom ettirish yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ochiq va konstruktiv muloqotni izchil davom ettirish, parlamentlararo sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni aniq amaliy loyihalar bilan boyitish bo‘yicha hamkorlikni yanada faollashtirishga kelishib oldi.
Norgul Abduraimova, O‘zA