Mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash bo‘yicha «poytaxt namunasi» yaratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash bo‘yicha «poytaxt namunasi»ni yaratish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Poytaxt tumanlariga respublika darajasidagi rahbarlar biriktirilgani tizimli ishlarni tashkil etishda o‘z natijasini berayotgani alohida ta’kidlandi.
Xususan, joriy yilning o‘tgan olti oyida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni sezilarli darajada kamaydi. Shahardagi 230 ta mahallada umuman jinoyat sodir etilmagan bo‘lsa, 332 ta mahallada jinoyatchilik ko‘rsatkichi keskin qisqardi. Kriminogen vaziyati tashvishli bo‘lgan mahallalar soni esa 60 tadan 23 taga tushdi. Bu ko‘rsatkichlar shaharda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha joriy etilgan yangi yondashuvlar amalda samara berayotganidan dalolat beradi.
Sergeli tumanida ham xavfsiz muhit yaratish borasida ijobiy natijalar qayd etildi. Tumanda kriminogen vaziyati og‘ir deb baholangan 29 ta mahalla «yashil» toifaga o‘tdi, 17 ta mahallada esa birorta ham jinoyat sodir etilmadi. Sergeli bu borada Toshkent shahri tumanlari orasida eng yaxshi natijalardan birini ko‘rsatgani e’tirof etildi.
Davlatimiz rahbari O‘zgarish mahallasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha to‘plangan ijobiy tajribani keng ommalashtirish, tumandagi qolgan 46 ta mahallani ham qisqa muddatda «yashil» toifaga o‘tkazish yuzasidan vazifalarni belgiladi. Shuningdek, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hamda yoshlar bilan tizimli ishlash bo‘yicha yangi yondashuvlarni hayotga joriy etish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda hokimlar va mas’ullarning axboroti tinglandi.
O‘zA