Tovlamachilik jabrlanuvchining o‘z joniga qasd qilishiga sabab bo‘ldi
Hayotda insonning eng ashaddiy dushmani bu – uning nafsidir. Nafs amriga bo‘ysunib, oxir-oqibat ayanchli qismatga giriftor bo‘lgan kimsalar oz emas oramizda. Biroq xom sut emgan odam bolasining ko‘zi boshi devorga urilgandagina ochiladi.
Afsuski, Shahrixon tumanida yashovchi Jahongir Anvarov, Bekzodbek Ahmedov, Asadbek Qo‘chqoraliyev, Xusniddin G‘aniyev, Rasuljon Abdurasulov, Abdullo Mahammadov hamda aka-uka Olimbek, Omadbek va Olloberdi Mahmudovlar bir nechta turdagi og‘ir jinoyatlarni sodir etishayotganda qilmishlarining oqibatini his qilishmadi. Yoki tanlagan yo‘llarining boshi berk ekanligini bilishsa ham o‘zlarini to‘xtatishmagan.
Gap shundaki, o‘zini “ko‘cha yigiti” deya his qilgan Jahongir Anvarov yon-atrofiga ism-shariflari tilga olingan hamtovoqlarini to‘plab, jinoiy guruh tuzadi. Chunki unga zo‘ravonlik, tovlamachilik, kimnidir “razbor” qilib, mo‘may daromad orttirish kabi ishlar huzur bag‘ishlardi. Ammo mamlakatimizda bunday toifa insonlar ko‘p o‘tmay tavbasiga tayanib qolayotganini tan olgisi kelmadi.
Xullas, 2022-yilning kuz oylarida Jahongir Bekzod va Olimbek bilan oldindan til biriktirgan holda fuqaro E.Odilovga 1,2 tonna quruq sut mahsulotini 33 million so‘mga nasiyaga sotishadi. Ya’ni pulini 4 oydan keyin berish shartiga rozi bo‘lishadi. Lekin xaridorning qo‘li kaltalik qilib, mahsulot pulini vaqtida berolmay qoladi. Bundan jahli chiqqan uchchovlon 2023-yilning kuzida Shahrixon tumani Qorabo‘yin mahallasida joylashgan binoga E.Odilovni olib borishadi. Bu joy J.Anvarovga tegishli edi. O‘sha yerda ular qarzdorning ozodligini cheklab, bir yarim sutka ushlab turishadi. Shu yo‘l bilan uning 2.500.000 so‘mga teng bo‘lgan 24.000 rubl puli, bahosi 500 AQSH dollari qiymatidagi “Iphone-12 pro” rusumli telefon apparatini 200 AQSH dollari hisobida, asli 30 million so‘mlik 2 bosh zotdor ho‘kizini 23 million so‘m bahosida olib qo‘yishadi. So‘ngra E.Odilovni chiqarib yuborishadi. Bu ham yetmagandek, hozirda quruq sut mahsulotining narxi ko‘tarilganini aytib, qo‘shimcha ravishda 17 million so‘m berishini talab qilishadi. Shuningdek, so‘ralgan pulni bermagan taqdirda zo‘rlik ishlatish, tan jarohati yetkazish va uning yuzini yerga qaratadigan videotasvirlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatish bilan tahdid qilib, tovlamachilikka qo‘l urishadi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha paytda Jahongir tumandagi sutni qayta ishlash korxonasiga rahbarlik qilib kelardi. Sal avvalroq korxonaga qarashli “Labo” avtomashinasini tog‘asi S.Bakirovga sotib, undan pullarni to‘liq olgandi. Keyinchalik tog‘asi “Labo”ni tanishi U.Haydarovga 7500 AQSH dollariga sotadi. Biroq ko‘p o‘tmay Jahongir U.Haydarovning o‘g‘li O.Fozilov va korxona xaznachisi U.Mamadaliyevning o‘zidan bo‘lgan qarzi evaziga avtomashinani tortib oladi. Bu ishni Bekzod va Olimbekning qo‘li bilan amalga oshiradi. Bordi-yu qarshilik qilsa, oila-a’zolari va o‘ziga zo‘rlik ishlatish, tan jarohati yetkazish bilan tahdid qiladi. So‘ng avtomashinani fuqaro X.Xusanovga 5500 AQSH dollariga sotib yuboradi. U.Haydarov esa bu tovlamachilikdan 51 million so‘m so‘m miqdorida zarar ko‘rib qolaveradi.
Bundan tashqari, Jahongir Anvarov 2024-yil avgust oyida o‘zining yana bir “Labo” rusumli avtomashinasini fuqaro X.Sayfullayevga, “Tracker-2” avtomashinasini esa R.Usmonovga sotadi-yu, lekin transport vositalarini ularning nomiga notarial tartibda rasmiylashtirib bermaydi. Mazkur firibgarlik X.Sayfullayevga 79 million 518 ming so‘m, R.Usmonovga 217 million 150 ming so‘mlik zarar yetkazadi. Ushbu firibgarliklarda J.Anvarovning yana bir tanishi Fahriyor Qodirov ham ishtirok etadi.
Mana shu voqealardan bir muddat avval fuqaro J.To‘raqulov qaynotasi I.Dadajonov nomidagi boshqa bir “Damas” avtomashinasini Fahriyorga sotib berish uchun qoldirgandi. Ammo to mashina sotilguncha F.Qodirov 4000 AQSH dollari qarzi evaziga nisbatan yangiroq “Damas” avtomashinasini sotib olib, unga boshqarish huquqi asosida beradi. Buning uchun Fahriyor Bekzoddan 4000 dollar qarz ko‘targandi. Biroq...
Biroq Fahriyor yana boshqa oldi-berdilar tufayli ham Jahongir, Bekzod, Olimbek va Asadbeklardan katta miqdorda qarz bo‘lib qoladi. Binobarin, qarzlarini to‘lolmay, Qozog‘iston Respublikasiga ketib yuboradi. Bundan g‘azablangan B.Ahmedov, O.Mahmudov va A.Qo‘chqoraliyevlar J.To‘raqulovdan “Damas”ni tortib olishadi. Ustamonlikni qarangki, Bekzod Fahriyorga qarz bergan paytda avtomashinani sotish huquqi bilan o‘ziga ishonchnoma rasmiylashtirib olgandi. Lekin J.To‘raqulov bundan bexabar bo‘lgan. Oqibatda u 45 million 867 ming so‘m miqdorida zarar ko‘rib qoladi.
Jinoiy guruh faoliyatida Rasuljon Abdurasulov, Abdullo Mahammadov hamda aka-uka Omadbek va Olloberdi Mahmudovlarning qilmishlari boshqalarnikiga nisbtan yengilroq. Aniqrog‘i ular Bekzod Ahmedov, Olimbek Mahmudov va Asadbek Qo‘chqoraliyevlarga qo‘shilib, turli bahonalar bilan janjal chiqargan holda tumanning Yangi zamon hamda Nazarmaxram mahallalarida fuqarolar E.Isroilov, F.Rustamov va S.Sidiqovlarni do‘pposlashadi. Janjal natijasida uchchala jabrlanuvchiga o‘rtacha og‘ir darajada tan jarohati yetkazishadi. Xuddi shunday jinoyatni uyushgan guruhning yana bir a’zosi Xusniddin G‘aniyev fuqaro A.Mahmudovga nisbatan sodir etadi.
Buni qarangki, jinoiy guruhning eng ayanchli qilmishi keyin sodir bo‘ladi. Aniqlanishicha, Fahriyor Qodirov 2022-2024-yillardagi avtomashina va boshqa oldi-sotdilari natijasida Jahongir, Olimbek, Bekzod va Xusniddindan katta miqdorda qarz bo‘lib qoladi. Shuning uchun O.Mahmudov va X.G‘aniyevlar 2024-yil 21-sentabr kuni Qozog‘iston Respublikasiga F.Qodirovni izlab borib topishadi. So‘ng uni o‘zlari bilan birga Shahrixonga qaytarib kelishadi.
-Ikki kun ichida ikki yuz ming dollar topib bermasang, o‘ldirib yuboramiz. Urug‘-aymog‘ing murdangni ham topolmaydi keyin,-deya muntazam ravishda qo‘rqitish, shafqatsizlarcha muomala qilish, sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish orqali tahdid qilib, fuqarolik pasportini olib qo‘yishadi.
Tabiiyki, Fahriyor Qodirov 2 kun muddatda 200.000 AQSH dollarini topib berolmaydi. Binobarin, u 2024-yil 24-sentabr kuni yashash uyida o‘zini osib, joniga qasd qilgan holda vafot etadi.
Shundan so‘ng “qahramon”larimizga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Buloqboshi tuman sudi esa ularni jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topib, qonuniy jazoga mahkum etdi. Sud hukmida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararlarni undirish ham belgilandi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, insonning hayoti va sog‘lig‘iga rahna solish yoki tahdid qilish kechirilmas jinoyatdir. Ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan sudlanuvchilar oldindagi yillar mobaynida buni teran anglab yetishadi albatta. Zero, ularning qismati boshqalarga saboq bo‘lishi lozim.
Nodirjon MIRZAJONOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Buloqboshi
tuman sudining raisi