O‘zA ijodkorlari Surxondaryoda
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi joriy yil viloyatlarda “O‘zA kunlari” loyihasini tashkil etib, O‘zAning hududlarda mahalliy ijro hokimiyati organlari bilan axborot sohasidagi strategik hamkorligini sifat jihatdan mustahkamlayotir. Hududlardagi faoliyatini yanada rivojlantirib, viloyatlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini keng targ‘ib qilishga e’tiborni kuchaytirmoqda. Ta’lim muassasalari va mehnat jamoalarida qiziqarli uchrashuvlar o‘tkazib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, joylarda yuz berayotgan o‘zgarishlarning odamlar hayotini o‘zgartirishdagi ahamiyati haqida atroflicha fikr almashmoqda. Hududlardagi yangilanishlar bilan tanishib, qiziqarli maqolalar, videolavhalar tayyorlamoqda.
Yangi loyiha doirasida shu yil mart oyida Xorazm, iyun oyida Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tadbirlar bunga yaqqol dalildir.
"O‘zA kunlari"ning maftunkor kuz faslidagi mezboni Surxon vohasi bo‘ldi. Agentlik ijodkorlari janubdagi voha ahli bilan uchrashuvini Termiz davlat universitetidan boshladi. Professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan yuzma-yuz muloqot qildi.
Universitetda 17 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Ularga 600 dan ortiq professor-o‘qituvchi ilm-fan sirlarini o‘rgatayotir. Keyingi yillarda ta’lim va boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish universitet faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. 2025-yildan Registrator ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, talabalarga ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 120 dan oshdi. Ularning 70 dan ortig‘i to‘liq raqamlashtirildi. O‘quv jarayoni HEMIS, masofaviy ta’lim LMS platformalari orqali boshqarilmoqda. Bir qator raqamli platformalar yagona axborot tizimiga integratsiya qilinib, sun’iy intellektga asoslangan yagona axborot ekotizimini shakllantirish ishlari olib borilmoqda. Ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etish va tijoratlashtirish yo‘nalishida ham yangi tizim shakllanmoqda. Davlat ilmiy grantlari va innovatsion tanlovlar doirasida milliardlab so‘mlik loyihalar moliyalashtirildi. Xitoylik olimlar bilan hamkorlikda 500 ming AQSH dollari qiymatidagi zamonaviy arxeologiya laboratoriyasi tashkil etildi. “In-vitro” laboratoriyasi, “Afg‘on shamoli”ning salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 50 dan ortiq startap loyihalar ishlab chiqildi. Quvvati 2720 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi negizida “TerDU Janub oftobi” Spin-off korxonasi tashkil etildi.
Mehmonlar yirik oliy ta’lim dargohi olimlari va iqtidorli talabalarning yutuqlari, innovatsion mahsulotlari bilan yaqindan tanishdi.
Mintaqamizda yagona "Termiz xalqaro savdo markazi" erkin savdo markazi ham ijodkorlarda boy taassurot uyg‘otdi. Savdo zonasi taqdimot qilindi. Imtiyozlar, bojxona va boshqa xizmat ko‘rsatish tartiblari bilan tanishtirildi. Markazda ishlayotgan o‘zbek va afg‘on fuqarolari bilan suhbatlashdi.
Shu yilning noyabr oyida 1200-yilligi keng nishonlanadigan buyuk alloma Hakim Termiziy hamda payg‘ambarimiz avlodlari mangu qo‘nim topgan Sulton Saodat majmualarini ziyorat qildi.
Janubdagi vohada "O‘zA kunlari" ertaga davom etadi.
[gallery-31627]
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri