Toshloqda paxta hosilini yig‘ishtirish qizg‘in pallada
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida joriy yilda 4 ming 300 gektar maydonda paxta parvarishlandi. Mavsumda 22 ming 300 tonnadan ziyod sifatli sanoat xom ashyosi yetishtirish maqsad qilingan. Ayni paytda dalalarda yetishtirilgan hosilni qisqa muddatda va sifatli yig‘ishtirib olish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Joriy mavsumda tumandagi paxtachilikka ixtisoslashgan 157 ta fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan shartnomalar asosida 3 ming 800 gektar maydonda xorijiy navlar parvarishlandi. Zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish natijasida yoqilg‘i, texnika va suv resurslaridan foydalanish samaradorligi oshirilib, hosildorlik va mahsulot sifati yaxshilandi.
[gallery-31563]
Tumanda paxta hosilining qariyb 80 foizini paxta terish mashinalari yordamida yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan. Ayni kunlarda dala maydonlarida 15 ta paxta terish mashinasi tun-u kun ishlamoqda.
Jumladan, «Xurshidbek ziyo» fermer xo‘jaligining 30 gektarlik paxta maydonida xorijiy navlar parvarishlangan. Ayni paytda bu yerda har gektardan o‘rtacha 70–75 sentnerdan hosil olinmoqda.
Fermer Xurshidbek Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, paxta hosilini qisqa muddatda yig‘ishtirib olish kuzgi bug‘doy ekish ishlarini belgilangan agrotexnik muddatlarda amalga oshirish imkonini beradi.
Muqimjon QODIROV (surat) O‘zA