Toshkentdan Issiqko‘lga mavsumiy avtobus qatnovlari boshlanadi
Transport vazirligining xabar berishicha, joriy yil 10 iyundan boshlab Toshkent shahridan Qirg‘izistonning Cho‘lponota (Issiqko‘l) kurort shahrigacha mavsumiy avtobus qatnovlari boshlanadi.
Qatnovlar oyning juft kunlarida (kunora) Yutong avtobuslarida amalga oshiriladi. Avtobus soat 15:00 da Toshkent avtovokzalidan jo‘naydi.
Chipta narxi 300 ming so‘m etib belgilangan. Qatnovlarni “Uzautotrans Service” MCHJ amalga oshiradi, shuningdek, kompaniya mazkur yo‘nalishda buyurtma qatnovlarini ham bajaradi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, “Toshkent-Cho‘lponota” xalqaro avtobus yo‘nalishida safar vaqti 20 soat, yo‘nalish uzunligi 1060 kilometrni tashkil qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA