Toshkentda yosh olimlar va mutaxassislarning 30-xalqaro ilmiy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi (+video)
Toshkent shahrida Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti (Dubna, Rossiya Federatsiyasi) hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti hamkorligida Yosh olimlar va mutaxassislarning 30-xalqaro ilmiy konferensiyasi — AYSS-2026 bo‘lib o‘tdi. Xalqaro anjuman Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti (Dubna, Rossiya Federatsiyasi) hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiyada Ozarbayjon, Belarus, Viyetnam, Gruziya, Qozog‘iston, Kuba, Rossiya, Ruminiya, Tojikiston, Turkiya, O‘zbekiston va Janubiy Afrika Respublikasidan qariyb 140 nafar yosh olim, tadqiqotchi va mutaxassis ishtirok etdi.
Anjumanning asosiy maqsadi fundamental va amaliy fizika sohasidagi zamonaviy ilmiy yutuqlarni muhokama qilish, yosh tadqiqotchilarning ilmiy natijalarini xalqaro hamjamiyatga taqdim etish, tajriba almashish hamda xalqaro ilmiy hamkorlik aloqalarini kengaytirishdan iborat bo‘ldi.
Konferensiya doirasida nazariy fizika, elementar zarrachalar fizikasi, yadro fizikasi, kondensatsiyalangan muhit fizikasi, tezlatgich texnologiyalari, materialshunoslik, axborot texnologiyalari va radiatsiyaviy tadqiqotlar kabi yo‘nalishlarda ma’ruzalar tinglandi. Yalpi majlislar va to‘qqizta asosiy ilmiy yo‘nalish bo‘yicha tashkil etilgan sho‘ba yig‘ilishlarida tadqiqot natijalari muhokama qilindi.
AYSS-2026 konferensiyasining Toshkentda o‘tkazilishi ikki ilmiy muassasa o‘rtasidagi uzoq yillik hamkorlikning muhim davomi bo‘ldi. Har ikki tashkilot 1956-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2026-yilda o‘zining 70 yilligini nishonlamoqda.
O‘zbekistonlik olimlarining Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti bilan ilmiy hamkorligi 1956-yildan boshlangan. 1992-yil iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi ushbu institutning to‘laqonli a’zo davlatiga aylangan. Bugungi kunda hamkorlik fundamental va amaliy fizika, yadroviy texnologiyalar, materialshunoslik, radiatsiyaviy tadqiqotlar hamda ilmiy kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarida davom etmoqda.
Konferensiya xorijiy va mahalliy yosh olimlar uchun o‘z tadqiqotlarini taqdim etish, xalqaro tajriba bilan tanishish, kasbiy aloqalarni mustahkamlash va kelgusidagi qo‘shma ilmiy loyihalar uchun yangi imkoniyatlarni muhokama qilish maydoni bo‘lib xizmat qildi.
AYSS-2026 xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, yosh tadqiqotchilarning salohiyatini qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonning jahon ilmiy hamjamiyatidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan muhim anjumanlardan biri bo‘ldi.
Mehrojiddin Umurzakov, Oybek Davronov, O‘zA