Toshkentda Xitoyning innovatsion ishlanmalari va sanoat uskunalari namoyish etilmoqda
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikning muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Bu borada ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish va yangi hamkorlik imkoniyatlarini izlashga qaratilgan xalqaro ko‘rgazmalar alohida ahamiyat kasb etadi.
14-oktabr kuni “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmasi majmuasida Xitoy xalqaro savdoga ko‘maklashish qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan “Xitoy – Markaziy Osiyo (O‘zbekiston) – 2026” ikkinchi savdo ko‘rgazmasi ochildi.
Ochilish marosimida Xitoy xalqaro savdoga ko‘maklashish qo‘mitasining Qozog‘istondagi vakolatxonasi xodimi Lyu Yue hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Azamat Rahmonov ishtirok etdi.
Ma’lumki, 2025-2026-yillar Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan rivojlantirish yillari, deb e’lon qilingan. Mazkur ko‘rgazma ushbu yo‘nalishdagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Bu yilgi tadbirda Xitoyning 200 ga yaqin yetakchi kompaniyasi, jumladan, sanoatning ilg‘or yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi korxonalar ishtirok etmoqda. Ekspozitsiya intellektual ishlab chiqarish, yashil energetika, iste’mol elektronikasi va xizmatlar savdosi kabi sohalarni qamrab olgan. Ularda Xitoy kompaniyalarining texnologik innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va sanoatni modernizatsiya qilish borasidagi yechimlari namoyish etilmoqda.

Ko‘rgazma ishtirokchilarining 30 foizdan ortig‘ini ixtisoslashgan, yuqori texnologiyalarga asoslangan va innovatsion faoliyat yurituvchi, shuningdek, o‘z sohasida yuqori salohiyat va o‘ziga xos kompetensiyalarga ega korxonalar tashkil etadi. Bu esa ekspozitsiyaning nafaqat tayyor mahsulotlar, balki zamonaviy texnologiyalar va sanoat yechimlarini taqdim etishga ham yo‘naltirilganini ko‘rsatadi.
Umumiy maydoni 4 ming 800 kvadrat metrni tashkil etgan ko‘rgazmada beshta ixtisoslashtirilgan tematik hudud tashkil etilgan. Shuningdek, Xitoyning milliy qiyofasi, salohiyati va imkoniyatlarini namoyon etishga qaratilgan “Xitoy imkoniyatlari” maxsus ekspozitsiyasi ham o‘rin olgan. Ularda mamlakatning sifatli mahsulotlari, ilg‘or texnologiyalari va ustuvor yo‘nalishlardagi xizmatlari namoyish etilmoqda.
Turli tarmoqlarda faoliyat yurituvchi yetakchi korxonalar va ixtisoslashgan mahsulot ishlab chiqaruvchilarning bir maydonda jamlanishi O‘zbekiston va Xitoy kompaniyalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, ishlab chiqarish zanjirining turli bosqichlarida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun qulay imkoniyat yaratadi.

Ko‘rgazma doirasida Xitoy va O‘zbekiston investitsiyaviy hamkorligi forumi ham bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari, tarmoq assotsiatsiyalari va korxonalari vakillari ishtirok etib, o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek, ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida B2B formatida ixtisoslashtirilgan sohaviy uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Bunday muloqotlar ishlab chiqaruvchilar va xaridorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, bozor talabini o‘rganish, taklif va ehtiyojni muvofiqlashtirish, yangi savdo hamda investitsiyaviy sheriklik aloqalarini o‘rnatishga xizmat qiladi.
Ko‘rgazma 16-oktabrga qadar davom etadi. Uning doirasida Xitoyning Shensi viloyati va Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik va almashinuvlarga bag‘ishlangan uchrashuvlar ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mazkur tadbir ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish va yangi qo‘shma loyihalar uchun zamin yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shu ma’noda, ko‘rgazma raqamli iqtisodiyot, yangi energiya manbalari va intellektual ishlab chiqarish kabi istiqbolli sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA