Butunjahon standartlar kuni: innovatsiyalar va ilg‘or texnologiyalar ko‘rgazmasi tashkil etildi
14-oktabr — Butunjahon standartlar kuni munosabati bilan “INNO” innovatsion o‘quv va ishlab chiqarish texnoparkida “Standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalaridagi innovatsion g‘oyalar va ishlanmalar” ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Tadbirda AQSH, Germaniya, Janubiy Koreya, Italiya, Niderlandiya, Shveysariya va boshqa davlatlardan kelgan xalqaro ekspertlar, shuningdek, vazirlik va idoralar vakillari, mahalliy hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etdi.
Joriy yilgi Butunjahon standartlar kunining “Yaxshiroq dunyo uchun umumiy qarash: BRM 7 — Hamyonbop va toza energiya” shiori barqaror rivojlanish, energiya samaradorligi va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etishda xalqaro standartlarning ahamiyatiga e’tibor qaratadi.
[gallery-31945]
Ko‘rgazma standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalarida yaratilgan innovatsion ishlanmalarni namoyish etish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda mahalliy va xorijiy mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish uchun maydon bo‘lib xizmat qildi.
Tadbir doirasida milliy va xalqaro standartlarni ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish, zamonaviy o‘lchash vositalari va texnologiyalari, mahsulot va xizmatlarning muvofiqligini baholash, sinov va sertifikatlash tizimlariga oid yechimlar namoyish etildi.
Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish, mahsulot sifatini oshirish va milliy mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga qaratilgan loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Standartlashtirish va metrologiya tizimining rivojlanishi mahsulot sifati va xavfsizligini ta’minlash, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda xalqaro savdoda texnik to‘siqlarni kamaytirishda muhim ahamiyatga ega. Shu jihatdan, mazkur ko‘rgazma innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish va sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim imkoniyat yaratdi.
Hamroz Bayonov, O‘ktam Haitov (surat), O‘zA