Toshkentda XI Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi bo‘lib o‘tadi
12-16-oktabr kunlari poytaxtimizda “Voqealar ufqi” mavzusida XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi bo‘lib o‘tadi.
Biyennale doirasida shahrimizdagi mashhur muzeylar va galereyalarda chet el va o‘zbek rassomlarining asarlari namoyish etiladi. Shuningdek, Samarqand shahriga sayohat uyushtirish ham dasturga kiritilgan bo‘lib, bu xorijlik mehmonlar va madaniy turizm ixlosmandlariga yurtimizning bugungi san’ati va tarixiy merosi bilan tanishish imkonini beradi.
Toshkent xalqaro biyennalesi 2001-yildan buyon har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. Navbatdagi forum insoniyatning texnologik va madaniy o‘zgarishlar davriga bag‘ishlanadi. Qadimgi karvon yo‘llari chorrahasida joylashgan Toshkent shahri, forum g‘oyasiga ko‘ra, umidlar makoni, yangi fikrlar maskani sifatida taqdim etiladi.
Tadbirning tantanali ochilishi 12-oktabr kuni Markaziy ko‘rgazmalar zalida bo‘lib o‘tadi. Biyennale Toshkent fotosuratlar uyi, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq san’ati miniatyurasi muzeyi, Tasviriy san’at galereyasi, Ikuo Xirayama nomidagi Xalqaro madaniyat karvon saroyida davom etadi.
Dastur davomida badiiy tadbirlar, mahorat darslari va xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mustaqilligimizning 35-yilligiga bag‘ishlangan «Charxpalak» ko‘rgazmasi madaniy tadbirning alohida voqeasi bo‘ladi.
Ma’lumot uchen, 2024-yilda bo‘lib o‘tgan X biyennaleda 30 dan ortiq mamlakatdan 40 nafardan ziyod chet ellik rassomlar va madaniyat vakillari ishtirok etgan edi.
Aziza Alimova, O‘zA