“Chempion” badiiy filmining premerasi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida “Chempion” badiiy filmining ilk namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining madaniyat bo‘yicha vakili Hasan Solihov, Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev, soha vakillari, film ijodiy jamoasi hamda kino ixlosmandlari ishtirok etdi.

Sportning birlashtiruvchi kuchi, iroda, matonat va maqsad sari intilish g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan mazkur film yosh avlod, xususan, bolalar orasida futbolga qiziqishni oshirish, ularda milliy g‘urur va g‘alabaga intilish tuyg‘ularini shakllantirishga qaratilgan. “Bir to‘p, bir jamoa, yakunda esa — g‘alaba!” shiori ostida yaratilgan filmda sport orqali do‘stlik, jamoaviylik, sabot va o‘z orzulari sari intilish kabi qadriyatlar yoritilgan.

Film “Uzakov produktion” studiyasi tomonidan rejissyor Alisher Uzoqov rahbarligida suratga olingan. Asarning suratga olish jarayonlari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani va “Olimpiya shaharchasi”da olib borilgan bo‘lib, unda 30 ga yaqin yosh bolalar ishtirok etgan. Tadbir davomida film ijodkorlari va ishtirokchilariga loyihaning yaratilish jarayoni, g‘oyaviy maqsadi va ijodiy yechimlari haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, film uchun maxsus yaratilgan “Chempion” va “Kurashamiz” taronalari ham loyihaning muhim qismlaridan bo‘ldi. Qayd etish joizki, “Chempion” filmi AQSHning Filadelfiya va Orlando shaharlarida ham namoyish etilgan bo‘lib, xorijda yashayotgan o‘zbek yoshlari va bolalarida milliy ruh, ona tili va Vatanga muhabbat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Premera yakunida film ijodiy jamoasiga samimiy tilaklar bildirilib, loyihaning yosh avlod ma’naviy-estetik tarbiyasidagi ahamiyati ta’kidlandi.
N.Usmonova,
O‘zA