Toshkentda xavfsiz va tartibli shahar muhitini yaratish bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda
Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, shaharning turli hududlarida avtomobillar ko‘pincha piyodalar yo‘laklarida, piyodalar o‘tish joylari yaqinida, jamoat transporti bekatlarida, yashil hududlarda, shuningdek, to‘xtash yoki to‘xtab turish taqiqlangan joylarda qoldirilmoqda.
Bunday holatlar aholining kundalik qulayligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ular piyodalarning erkin harakatlanishiga to‘sqinlik qiladi, keksa yoshdagi fuqarolar, bolalar aravachasidagi ota-onalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolalar uchun noqulaylik tug‘diradi, shuningdek, jamoat transporti hamda maxsus texnikalar harakatini qiyinlashtiradi.
Shu bois, Toshkentda avtotransport vositalarining to‘xtashi va to‘xtab turishi qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytirilmoqda. Qoidabuzarlik bilan qoldirilgan transport vositalari belgilangan tartibda evakuatsiya qilinib, ixtisoslashtirilgan jarima maydonchalariga joylashtiriladi. Bundan maqsad shahar aholisi va harakat ishtirokchilari uchun tartib, xavfsizlik hamda normal sharoitlarni ta’minlashdir.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA