Toshkentda “Turk kino kunlari” bo‘lib o‘tadi
Toshkent shahrida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan “O‘zbekiston – Turkiya madaniyat va san’at uchrashuvlari – Turk kino kunlari” tadbirlari o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilayotgan madaniy tadbirlar 24–29-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
“Turk kino kunlari”ning tantanali ochilish marosimi 25-sentabr kuni soat 18:30 da O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida o‘tkaziladi. Unda Turkiya kinematografiyasining taniqli vakillari ishtirok etadi. Turkiyalik aktyorlar tadbir doirasida o‘zbek tomoshabinlari bilan uchrashib, ijodiy muloqot o‘tkazishi kutilmoqda.
Ochilish marosimidan so‘ng “Ajdodlar sadosi” filmi namoyish etiladi.
Shuningdek, 26-sentabr kuni “Kesilgan daraxtdek”, 27-sentabr kuni “Baxtlimizmi?”, 28-sentabr kuni “Qara, pochtachi kelyapti” hamda 29-sentabr kuni “Izquvar Reptir” filmlari tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi.
Tadbirlar O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida bo‘lib o‘tadi.
“Turk kino kunlari” ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, kino san’ati sohasida ijodiy hamkorlikni rivojlantirish hamda turk kinematografiyasining eng yaxshi namunalarini o‘zbek tomoshabinlariga tanitishga xizmat qiladi.
N.Usmonova,
O‘zA