Toshkentda SHHTning xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markazi tashkil etiladi
Quyi palata majlisida “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning xavfsizligiga tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz to‘g‘risidagi Bitimni (Tyanszin, 2025-yil 1-sentabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
— Bugungi kunda dunyoda kuzatilayotgan murakkab geosiyosiy vaziyat davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda, — dedi deputat Gulchehra Tojiboyeva. — Shu nuqtai nazardan Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida xavfsizlik sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, zamonaviy tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishning samarali mexanizmlarini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur Bitimga muvofiq, Toshkent shahrida SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi negizida Xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markazni tashkil etish nazarda tutilmoqda. Uning tarkibiga Axborot xavfsizligi markazi hamda Bishkek shahrida joylashgan Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish markazi kiritilishi belgilangan.
Universal markaz SHHTga a’zo davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasida axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, xavfsizlikka tahdidlarni birgalikda tahlil qilish, qo‘shma tadbirlar va amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish, shuningdek, mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikni muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
Bitimda markazning huquqiy maqomi, boshqaruv tizimi, moliyalashtirish tartibi hamda a’zo davlatlarning vakolatli organlari bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlari ham belgilab berilgan, — dedi deputat.
Majlisda ta’kidlanganidek, mazkur xalqaro hujjatning ratifikatsiya qilinishi SHHT doirasida xavfsizlik sohasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy tahdidlarga tezkor va muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish, mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashda O‘zbekistonning ishtirokini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
M.Komilova, O‘zA