Chiqindilar sohasidagi munosabatlar tartibga solinadi
Mamlakatimizda 274 ta chiqindi poligonlari mavjud bo‘lib, qattiq maishiy chiqindi poligonlari bilan bog‘liq vaziyatni tubdan yaxshilash zarurati bor.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chiqindilarni qayta ishlash sohasini yanada takomillashtirish hamda kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, chiqindi poligonlarini 2030-yilgacha 50 foizga qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash lozimki, yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, maishiy chiqindilarni qayta ishlash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va chiqindilarni iqtisodiy resursga aylantirish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ammo amaldagi “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunda ayrim bo‘shliqlar va havolaki normalar mavjud. Boshqaruv asoslari va asosiy yo‘nalishlar, chiqindilarga nisbatan mulkiy munosabatlar hamda sohani moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari to‘liq belgilab berilmagan.
Shu bois, yangi “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ushbu qonun loyihasi batafsil muhokama qilindi.

Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi orqali chiqindilar sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari vakolatlari, yuridik va jismoniy shaxslar huquq va majburiyatlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtiroki aniqlashtirilmoqda.
Ta’kidlanganidek, loyihada chiqindilarni tasniflash tizimini joriy etish, sohani iqtisodiy rag‘batlantirish, sanoat ob’ektlarida xavfli chiqindilarni, tibbiyot va biologik chiqindilarni yig‘ish, zararsizlantirish va utilizatsiya qilish tizimini tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Chiqindilarni chegaraviy tashish tartiblari belgilanmoqda, ularni tashish bo‘yicha talablar aniq belgilab berilyapti. Shuningdek, hujjatda qurilish chiqindilaridan takroriy foydalanish, sanitariya tozalashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlar faoliyatining huquqiy asoslari ham belgilanmoqda. Bundan tashqari, qattiq maishiy chiqindilarni qayta yuklash stansiyasiga hamda chiqindilar poligonlariga doir talablar qonun darajasida belgilanyapti.
Poligonlarning turlari, ularda qabul qilish mumkin bo‘lgan chiqindi turlari aniq belgilanmoqda.
Chiqindi sohasida ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilarning ishtiroki belgilanib, ularga aniq talablar qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida qonun hujjatlari talablarining buzilishi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash instituti joriy etilmoqda.
Muhokamalarda ta’kidlanganidek, mazkur hujjat chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solib, zamon talabiga mos huquqiy asoslarni yaratishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasining dolzarbligi qayd etilib, birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA