Toshkentda Rossiya oliy ta’lim muassasalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi (+video)
Bugungi kunda yoshlar uchun xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish, zamonaviy kasb va mutaxassisliklarni egallash imkoniyatlari kengayib bormoqda. Bu borada ta’lim ko‘rgazmalari abituriyentlar va ularning ota-onalariga universitetlar, ta’lim dasturlari hamda qabul shartlari haqida bevosita ma’lumot olish imkonini berishi bilan ahamiyatli.
Joriy yilning 25-26-sentabr kunlari Toshkentda Rossiya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlariga bag‘ishlangan “Rossiya ta’limi. Toshkent - 2026” xalqaro ta’lim ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiyaning 40 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi ishtirok etib, o‘z ta’lim dasturlari va abituriyentlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni taqdim etdi.
Tadbir “Rossotrudnichestvo”ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasidagi Rossiya Federatsiyasi elchixonasi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ko‘magida tashkil etildi.
“Rossotrudnichestvo”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Irina Staroselskaya qayd etganidek, bugungi kunda ta’lim ko‘rgazmalari yoshlarni xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan tanishtirish, ularga mavjud ta’lim yo‘nalishlari va qabul imkoniyatlari haqida bevosita ma’lumot berishda muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
– Bu yil ko‘rgazmada texnik va gumanitar yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalari bilan bir qatorda tibbiyot hamda ijodiy sohalarga ixtisoslashgan universitetlarga ham qiziqish yuqori bo‘ldi. N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti, I.M.Sechenov nomidagi Birinchi Moskva davlat tibbiyot universiteti, S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK) va Rossiya teatr san’ati instituti (GITIS) kabi oliy ta’lim muassasalari imkoniyatlari abituriyentlar e’tiborini tortdi.
Biz iqtidorli va ijodkor o‘zbekistonlik yoshlarni Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishga yo‘naltirish imkoniyatidan mamnunmiz. Bu yerda ular san’at, rejissyorlik, balet va kino sanoati kabi sohalar bo‘yicha sifatli ta’lim olishlari mumkin.
Ko‘rgazmada 40 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi ishtirok etdi. Tadbir doirasida universitetlar va abituriyentlar o‘rtasida bevosita muloqot yo‘lga qo‘yilib, yoshlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoni berildi.
Shuningdek, tadbir doirasida ota-onalar uchun alohida uchrashuv tashkil etildi. Unda Rossiyada tahsil olish bilan bog‘liq nafaqat ta’lim, balki yashash, migratsiya talablari va kundalik hayotga oid masalalar bo‘yicha ham tushuntirishlar berildi. Universitet vakillariga abituriyentlarni qiziqtirgan savollarga ochiq va batafsil javob berish tavsiya etildi, – dedi I.Staroselskaya.
Yuriy Gagarin nomidagi Saratov davlat texnika universiteti vakili Aleksey Kazinskiy bunday ko‘rgazmalar yoshlarga Rossiya oliy ta’lim muassasalari, ta’lim dasturlari va qabul shartlari haqida bevosita ma’lumot olish imkonini berishini qayd etdi.
– Biz Povoljedagi yetakchi texnika oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Saratov davlat texnika universiteti imkoniyatlarini taqdim etdik. Bakalavriat va magistratura bosqichlarida ko‘plab ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
Bunday ko‘rgazmalar, ayniqsa, bepul ta’lim olishni istagan yoshlar uchun muhim ahamiyatga ega. Ular Rossiyaning yetakchi universitetlari, jumladan, kvota asosida bepul tahsil olish imkoniyatlari, ta’lim dasturlari va qabul shartlari haqida batafsil ma’lumot olishlari mumkin.
Rossiyada ta’lim tizimi jadal rivojlanmoqda. Universitetlarning moddiy-texnika bazasi yangilanib, malakali o‘qituvchilar tarkibi shakllanmoqda. Ta’lim jarayoni esa amaliyotga yo‘naltirilgan tayyorgarlik bilan boyitilmoqda.
Ko‘rgazma yaxshi tashkil etilganini alohida ta’kidlashni istardim. Tadbir davomida yoshlar bilan muloqot qilish va ularni universitetimizdagi ta’lim imkoniyatlari bilan tanishtirish biz uchun muhim bo‘ldi, – dedi u.
Ta’kidlash joizki, ikki kun davom etgan ko‘rgazma abituriyentlar uchun Rossiyada tahsil olish imkoniyatlari, ta’lim dasturlari va qabul shartlari haqida bevosita ma’lumot olish, universitet vakillari bilan muloqot qilish uchun qulay maydonga aylandi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Doniyor Yoqubov,
Anvarxo‘ja Ahmedov (videomontaj),
O‘zA