Toshkentda qariyb 70 mingta ob’ekt xatlovdan o‘tkazildi
Ko‘chmas mulk ob’ektlarining yagona hisobini shakllantirish, sohani raqamlashtirish va mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini ta’minlash maqsadida Toshkent shahrida keng ko‘lamli xatlov ishlari davom etmoqda. Kadastr agentligi mutaxassislari tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu jarayon davomida o‘n minglab ob’ektlar xatlovdan o‘tkazilib, zamonaviy axborot tizimlariga kiritilmoqda. Ayni paytda aholi va tadbirkorlarga kadastr sohasidagi qonunchilikdagi yangiliklar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar ham berilmoqda.
Kadastr agentligi tomonidan 2026-yil uchun tasdiqlangan reja-jadval asosida Toshkent shahrida ko‘chmas mulk ob’ektlarini xatlovdan o‘tkazish ishlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayon aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan kadastr xizmatlari sifatini yanada oshirish, ko‘chmas mulk ob’ektlari bo‘yicha ma’lumotlar bazasini to‘liq shakllantirish hamda raqamli kadastr tizimini takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kun holatiga ko‘ra, kadastr mutaxassislari tomonidan jami 69 ming 786 ta ko‘chmas mulk ob’ekti xatlovdan o‘tkazildi. Shundan 45 ming 174 ta ob’ekt UZKAD axborot tizimiga kiritildi. Jumladan, 41 ming 987 ta turar joy ob’ekti, 3 ming 187 ta noturar joy ob’ekti UZKAD tizimiga o‘tkazildi.
Shuningdek, 8 ming 545 ta ob’ekt «E’tirof» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga o‘tkazilgan bo‘lsa, 3 ming 17 ta ob’ekt bo‘yicha hujjatlar muhokama bosqichida turibdi. Hozirga qadar 46 ta ob’ektga bo‘lgan huquqlar qonunchilik talablari asosida e’tirof etildi.

Yozning jazirama kunlariga qaramasdan, kadastr muhandislari xonadonma-xonadon yurib, ko‘chmas mulk ob’ektlarini texnik inventarizatsiyadan o‘tkazmoqda. Bu jarayonda ob’ektlarning texnik holati o‘rganilib, zarur ma’lumotlar yig‘ilmoqda hamda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun asos yaratilmoqda.
Ayni paytda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida kadastr sohasidagi amaldagi qonunchilik, huquqiy tartib-taomillar va sohadagi so‘nggi yangiliklar bo‘yicha keng qamrovli tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda.
Xatlov ishlarining sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishi ko‘chmas mulk ob’ektlari hisobini aniq yuritish, mulkiy huquqlarni ishonchli himoya qilish hamda sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA