Inklyuziya va maxsus ta’lim milliy forumi o‘tkazildi
Sirdaryo tumanidagi 10-sonli ko‘p tarmoqli maktab-internatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-avgustdagi «Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida «Inklyuziya va maxsus ta’lim milliy forumi» bo‘lib o‘tdi.
«Har bir imkoniyat — yangi kelajak sari qadam» shiori ostida tashkil etilgan tadbirning asosiy maqsadi alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur sharoitlarni yaratish hamda inklyuziv ta’limni amaliyotga samarali tatbiq etish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Forumda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi, inklyuziv ta’lim tashkil etilgan umumta’lim maktablari direktorlari, direktor o‘rinbosarlari, maxsus pedagoglar hamda psixologlar ishtirok etishdi.
[gallery-31083]
— Bugun inklyuziv ta’lim tushunchasi faqat ta’lim olish imkoniyatini yaratish bilan cheklanmaydi. U har bir bolaning qobiliyati, ehtiyoji va imkoniyatini inobatga olgan holda ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish, qulay psixologik muhit yaratish, uning tengdoshlari bilan birgalikda bilim olishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlashni ham nazarda tutadi. Sohadagi yondashuvlar ham ana shu maqsadga qaratilgan, — Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi shu’ba mudiri Nargiza Turdimurodova.
Tadbir davomida inklyuziv ta’limning mazmun-mohiyati, ta’lim muassasalarida uni samarali tashkil etishning zamonaviy usullari, pedagogik yondashuvlar va amaliyotda uchrayotgan muammolar atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, URX va IRX platformalaridan foydalanish imkoniyatlari, raqamli vositalar yordamida ta’lim jarayonini takomillashtirish, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlashning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Inklyuziv ta’limni tashkil etishda ta’lim muassasasida to‘siqsiz va qulay muhit yaratish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Zero, bunday ta’lim samaradorligi nafaqat dars jarayoni, balki maktabning jismoniy muhiti, pedagoglarning yondashuvi, psixologik qo‘llab-quvvatlash va jamoadagi sog‘lom munosabatlarga ham bevosita bog‘liq. Prezident qarorining o‘zida ham ta’lim tashkilotlarida to‘siqsiz va inklyuziv muhitni shakllantirish, assistiv jihozlar bilan ta’minlash, individual ta’lim rejalari va korreksion-pedagogik qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Forum doirasida ishtirokchilar uchun treninglar, amaliy mashg‘ulotlar va ochiq muloqotlar tashkil etildi. Ularda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar bilan ishlash jarayonida uchraydigan turli vaziyatlar muhokama qilinib, ularga samarali yechim topish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Mutaxassislar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, inklyuziv sinflarda ta’lim sifatini oshirish, bolalarning individual qobiliyatlarini rivojlantirish va ularni ijtimoiy muhitga moslashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Bugun mamlakatimizda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning ta’lim olish huquqini ta’minlash va ularni ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish borasida yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Prezident qarori bilan 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan bo‘lib, unda bolalarning yashash joyiga yaqin hududda ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, inklyuziv va korreksion ta’lim shakllarini rivojlantirish, ta’lim muassasalarida to‘siqsiz muhit yaratish kabi vazifalar belgilangan.
Sirdaryo tumanida o‘tkazilgan milliy forum ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini boyitish va inklyuziv ta’limni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA