Toshkentda Markaziy Osiyo yengil atletika yulduzlari jam bo‘ladi
23–25-avgust kunlari poytaxtimizda yengil atletika bo‘yicha III Markaziy Osiyo ochiq chempionati o‘tkaziladi.
Nufuzli musobaqada to‘qqiz mamlakatdan yengil atletika vakillari ishtirok etib, turli yo‘nalishlarda g‘oliblik uchun bahs olib boradi. O‘zbekiston sharafini 188 nafar atlet himoya qiladi.
Uch kun davomida Toshkent stadionlarida yengil atletikaning deyarli barcha asosiy turlari bo‘yicha bahslar tashkil etiladi. Jumladan, sportchilar sprint, o‘rta va uzoq masofalarga yugurish, to‘siqlar osha yugurish, stipl-chez, uzunlikka, balandlikka va uch hatlab sakrash, yadro, disk, bosqon hamda nayza uloqtirish yo‘nalishlarida kuch sinashadi.
Chempionat dasturidan tomoshabinlar uchun qiziqarli bo‘lgan 4x400 metrga aralash estafeta ham o‘rin olgan. 23 va 24-avgust kunlari bahslar ertalab va kechqurungi dastur asosida o‘tkaziladi. Musobaqaning so‘nggi final bahslari esa 25-avgust kuni ertalab bo‘lib o‘tadi.
Turnirda O‘zbekiston bilan bir qatorda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Tailand, Singapur, Gruziya va Saudiya Arabistoni jamoalari ishtirok etadi.
Chempionatning asosiy manzili Toshkentdagi “Olimpiya shaharchasi” bo‘ladi. 10 ming tomoshabinga mo‘ljallangan zamonaviy stadion atletlarga yuqori darajadagi sharoitda bellashish imkonini beradi. Ayrim texnik yo‘nalishlar bo‘yicha musobaqalar O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi stadionida o‘tkaziladi.
Musobaqaning asosiy tashkilotchisi — Markaziy Osiyo yugurish va yurish akademiyasi. Chempionatga tayyorgarlik jarayonida akademiya bilan birga O‘zbekiston va Markaziy Osiyo sport tashkilotlari ham ishtirok etmoqda. Tashkiliy va hakamlik guruhlaridan o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan bir qatorda xalqaro hamda mintaqaviy darajadagi ekspertlar ham o‘rin olgan.
Bu esa musobaqani xalqaro yengil atletika musobaqalari talablari asosida o‘tkazish, sportchilarning natijalarini xolis baholash va turnirning tashkiliy saviyasini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Markaziy Osiyo yugurish va yurish akademiyasi direktori Shuhrat Usmonovning ta’kidlashicha, musobaqa sportchilarga xalqaro raqobat tajribasini orttirish, sport formasini sinovdan o‘tkazish va kuchli raqiblar safida o‘z darajasini baholash imkonini beradi.
Mutaxassisning fikricha, mazkur turnir sportchilarning 2027-yilda o‘tkaziladigan yengil atletika bo‘yicha Osiyo chempionati hamda 2028-yilda Los-Anjeles shahri mezbonlik qiladigan Olimpiya o‘yinlariga uzoq muddatli tayyorgarligida muhim bosqich vazifasini o‘taydi.
Toshkent mintaqaviy ochiq chempionatni qabul qilish bo‘yicha muayyan tajribaga ega. Xususan, 2024-yilda O‘zbekiston terma jamoasi mazkur musobaqada 69 ta medalga sazovor bo‘lgan. Ularning 18 tasi oltin, 28 tasi kumush va 23 tasi bronza medallari.
Bu yilgi chempionatga ham mamlakatimizning turli hududlaridan kuchli atletlar jalb etilgan. Shu bois mezbon sportchilar nafaqat medallar sonini ko‘paytirish, balki o‘z natijalarini yaxshilash va xalqaro raqobatda yana bir bor o‘z imkoniyatlarini namoyish etish uchun maydonga chiqadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA