Toshkentda internet narko-do‘konidan 10 kilogrammga yaqin giyohvandlik vositalari aniqlandi
Toshkent shahrida internet orqali faoliyat yuritgan narko-do‘kon faoliyatiga chek qo‘yildi.
Tezkor tadbirlar davomida ushbu noqonuniy tarmoqda administrator va kurator sifatida faoliyat yuritgan shaxs qo‘lga olinib, undan qariyb 10 kilogramm giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Respublika hududida o‘tkazilayotgan “Qoradori-2026” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti hamda uning hududiy bo‘linmalari Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.
Tadbir davomida Toshkent shahrida internet narko-do‘kon orqali giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullangan, 1989-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 164 va 278-moddalari bilan sudlangan fuqaro qo‘lga olindi.
Unga tegishli avtomashina hamda yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda 9 kilogramm 330 gramm gashish va 545 gramm metamfetamin saqlanayotgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruhga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga qonunchilikda 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Hamroz Bayonov, O‘zA