Toshkentda havo sifati yomonlashdi
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, poytaxtda havo sifati yana yomonlashdi.
Joriy yil 25-oktabrdan 26-oktabrga o‘tar kechasi mayda chang zarrachalari miqdori oshib, xalqaro havo sifati indeksi bo‘yicha ayrim kuzatuv nuqtalarida ifloslanish “nosog‘lom” va “juda nosog‘lom” toifalariga mos keldi. Mutaxassislar bu holatni shamolning kuchsizligi, harorat inversiyasi va havo almashinuvining cheklanishi bilan izohlamoqda.
Kechasi havo haroratining keskin pasayishi, kuchsiz shamol va kuchli harorat inversiyasi atmosferaning quyi qatlamlarida havo almashinuvini chekladi. Oqibatda PM2.5 va PM10-mayda chang zarrachalari yer yuzasiga yaqin hududlarda to‘planib, ifloslanish darajasi tun davomida va ertalab ham yuqori saqlanib qoldi. Bu yerda muhim jihat shundaki, havo ifloslanishi har doim ham ko‘zga yaqqol tashlanavermaydi. Ayniqsa, PM2.5 kabi juda mayda zarrachalar nafas orqali organizmga kirishi mumkin. Shu bois havoning tashqi ko‘rinishidan ko‘ra, uning sifati bo‘yicha monitoring natijalari muhim ahamiyatga ega.
Meteorologik sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, 26-oktabr kuni soat 00:00 dan 08:00 gacha Toshkent shahri va unga tutash hududlarda havoda chang kuzatilgan. Shuningdek, maxsus mobil laboratoriya yordamida tun davomida atmosfera havosining holati instrumental o‘lchandi. Kuzatuv nuqtalarining aksariyatida xalqaro havo sifati indeksi bo‘yicha PM2.5-mayda zarrachalari bilan ifloslanish «nosog‘lom» va «juda nosog‘lom» toifalariga mos kelishi qayd etildi. Milliy havo sifati indeksi bo‘yicha esa shaharning o‘rtacha ko‘rsatkichi PM2.5 bo‘yicha “sariq”, PM10 bo‘yicha “zarg‘aldoq” darajada bo‘lgan.
Mutasaddilar prognozida 26-oktabr kuni davomida xalqaro indeks bo‘yicha havo sifati “nosog‘lom”, milliy indeks bo‘yicha esa “sariq” darajada saqlanishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA