Toshkentda «Chilla - salqin ta’mlar festivali» o‘tkazildi
Poytaxtimizda Toshkent shahar hokimligi va qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yozning eng issiq kunlariga bag‘ishlangan «Chilla - salqin ta’mlar festivali» bo‘lib o‘tdi.
Toshkentda yozgi turizm va ommaviy dam olish madaniyatini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan tadbir o‘zida mahalliy va xorijiy brendlar ishtirokida salqinlantiruvchi mahsulotlar ko‘rgazmasi, keng qamrovli shou-dasturlarni jamladi.
Festival maydonida poytaxt aholisi va mehmonlari uchun salqin ichimliklar va muzqaymoqlar, turli yozgi ta’mlar, interaktiv o‘yinlar, tanlov va sovrinli aksiyalar tashkil etildi.

Shuningdek, qariyb 10 tonna haqiqiy muzdan yaratilgan art-ob’ektlar va fotofonlar, salqinlantiruvchi yomg‘ir arkalari, suvli o‘yin maydonlari va maxsus salqinlash hududlari festivalga o‘zgacha muhit bag‘ishladi.
Kechki dasturda DJ-setlar, taniqli ijodkorlar ishtirokidagi konsertlar, ko‘ngilochar dasturlar va mushakbozlik namoyish etildi.
G.Boboyeva,
O‘zA