Toshkentda Belarusning statistikani raqamlashtirish tajribasi taqdim etildi
“BelTA” axborot agentligi xabar berishicha, Toshkentda MDH statistika texnologiyalarini rivojlantirish uchun IT yechimlarini ishlab chiqish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda Belarus delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Ushbu mamlakatning Milliy statistika qo‘mitasi Axborot texnologiyalari boshqarmasi boshlig‘i Yuriy Chernyavskiy va Tizimni muvofiqlashtirish va rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Tatyana Maksimova Belarus tajribasi bo‘yicha taqdimot namoyish qildi.
Xususan, Chernyavskiy qator yangi texnologik yechimlar amaliyotga muvaffaqiyatli joriy etilganini ta’kidladi. Masalan, hisobot taqdim etishda tegishli maslahat berish uchun NLP texnologiyasiga asoslangan ijtimoiy tarmoqdagi yordamchi amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Respondentlar tomonidan sun’iy intellekt yordamida iqtisodiy faoliyat turlarini aniqlash jarayonini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan neyron tarmoq moduli yaratish bo‘yicha tajriba loyihasi, shuningdek so‘rov asosida ma’lumotni qidirish va vizuallashtirish tajriba loyihasini amalga oshirish yakuniga yetyapti.
Belaruslik mutaxassislar statistika amaliyotiga axborot texnologiyalarini joriy etish nafaqat ma’lumotni yig‘ish va qayta ishlash jarayonini osonlashtirishi, balki axborot yetkazib beruvchilar va ma’lumotdan foydalanuvchilar bilan yangi aloqalar o‘rnatishga ham yordam berishini ta’kidladilar.
A.Mamatov, O‘zA