Toshkent xalqaro moliya markazining huquqiy asoslari mustahkamlanadi
Mamlakatimizda investitsiyalar hajmini ko‘paytirish, kapital bozorini rivojlantirish va ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, xalqaro moliya, huquq va texnologiyalar sohalarida yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratish va inson kapitalini rivojlantirish, mamlakatning kredit reytingini oshirish e’tibor markazida. O‘zbekistonning xalqaro investitsiya reytinglaridagi mavqeini mustahkamlash va respublikani mintaqaviy moliyaviy markazga aylantirish va global moliyaviy tizimga integratsiyasini ta’minlash sohasida ham jadal ishlar olib borilmoqda.

Bu fikrlar Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun muhokamasi jarayonida qayd etildi.
Mazkur konstitutsiyaviy qonun bilan moliya markazining maqsadi va vazifalari, markaz faoliyatining asosiy prinsiplari, ishtirokchilari, markaz hududida amalga oshiriladigan faoliyat, qo‘llaniladigan huquq, raqamli aktivlar sohasida maxsus tartibga solish rejimi, markazning investitsiyaviy soliq rezidentligi dasturi belgilanmoqda.
Qonunda moliya markazi hududida jinoiy yurisdiksiyani amalga oshirish, ishtirokchilarning pul majburiyatlari va valyutani tartibga solish, soliq va bojxona rejimlari, chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun viza tartibi, xorijiy ishchi kuchini jalb etish bo‘yicha normalar belgilanmoqda.

Bundan tashqari, markaz organlari, kengash, boshqaruvchi, moliyaviy xizmatlar boshqarmasi va Toshkent xalqaro tijorat sudining vakolatlari, markazda qo‘llaniladigan til rejimi, o‘tish qoidalari hamda moliya markazini faollashtirish tartibi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, o‘tish davrida litsenziyalarni tan olish, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish uchun vaqtincha ruxsat berish va xalqaro litsenziyaga ega yuridik shaxslar uchun ixtiyoriy o‘tish davri litsenziyasini berishga oid normalar ham kiritilmoqda.
Konstitutsiyaviy qonun bilan Moliya markazining kengashiga markazni rivojlantirishning umumiy yo‘nalishi va strategiyasini belgilash hamda markazning yillik byudjetlari, auditorlik xulosalari va faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarini tasdiqlash kabi vakolatlar berilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA