“Fitch” prognozining ko‘tarilishi: O‘zbekiston islohotlariga xalqaro ishonch mustahkamlanmoqda
Joriy yilning 3-iyun kuni xalqaro reyting agentligi “Fitch Ratings” O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “BB” darajasida tasdiqlab, prognozni “Stable”dan “Positive”ga ko‘tardi. Bu qaror mamlakatda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, fiskal intizom va bozor mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan siyosatning xalqaro darajadagi muhim e’tirofi sifatida baholanmoqda.
O‘zA suhbatdoshi – “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori, iqtisodiy tahlilchi Muhsinjon Xolmuxamedov tahlillariga ko‘ra, gap reytingning o‘zgarishida emas, balki unga berilgan istiqbol bahosida ketmoqda. Xalqaro reyting amaliyotida prognozning “Positive” maqomiga o‘tishi mamlakat iqtisodiyotidagi ijobiy o‘zgarishlar barqaror tus olayotganini va kelgusida reytingning yanada yuqorilashi ehtimoli mavjudligini anglatadi.
O‘sish sur’ati xalqaro o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqori
“Fitch” tahlillariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda 7 foizga, 2027–2028-yillarda esa o‘rtacha 7,4 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich “BB” reyting toifasiga kiruvchi davlatlar uchun o‘rtacha o‘sish sur’atidan qariyb ikki barobar yuqori.
Prognozlarning asosli ekani amaldagi raqamlarda ham namoyon bo‘lmoqda. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 8,7 foizni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,9 foizga yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, mamlakat iqtisodiyoti tashqi xavf-xatarlar va jahon bozoridagi beqarorliklarga qaramay yuqori o‘sish sur’atini saqlab qolayotganini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, o‘sishning asosiy qismi ichki talab, xizmatlar sohasi, sanoat va investitsiyalar hisobiga ta’minlanayotgani iqtisodiy taraqqiyotning mustahkam poydevorga ega ekanini anglatadi.
Xalqaro zaxiralar iqtisodiy xavfsizlikni kuchaytirmoqda
“Fitch” baholashicha, O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 2026-yil yakuniga borib 71 milliard dollarga yetishi mumkin. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2024-yilda 42 milliard, 2025-yilda esa 66 milliard dollarni tashkil etgan edi.
Eng muhimi, mavjud zaxiralar tashqi to‘lovlarni qariyb 11 oy davomida qoplash imkonini beradi. “BB” reytingli davlatlarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 5 oy atrofida. Bu esa tashqi iqtisodiy shoklar va global moliyaviy beqarorlikka qarshi mamlakatning himoya qobiliyati sezilarli darajada oshganini anglatadi.
Xalqaro amaliyotda katta hajmdagi zaxiralar davlatning tashqi qarz majburiyatlarini bajarish imkoniyati va milliy valyuta barqarorligining muhim kafolatlaridan biri hisoblanadi.
Inflyatsiya pasaymoqda, bank tizimi mustahkamlanmoqda
2026-yil aprel holatiga ko‘ra inflyatsiya darajasi 7 foizni tashkil etdi. Bu hali Markaziy bankning 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lsa-da, narxlar o‘sish sur’atining izchil sekinlashayotgani iqtisodiy siyosat samara berayotganidan dalolatdir.
Shu bilan birga, iqtisodiyotda dollarlashuv darajasi ham pasaymoqda. Xususan, valyutadagi kreditlar ulushi 2023-yildagi 45 foizdan 2025-yilga kelib 39,2 foizga tushgan.
Bank sektorining kapital yetarliligi koeffitsiyenti 18,3 foizga yetgani moliyaviy tizimning mustahkamligini ko‘rsatadi. Imtiyozli kreditlash ulushining qisqarishi va bozor mexanizmlarining kengayishi esa iqtisodiyotda resurslarning samarali taqsimlanishiga xizmat qilmoqda.
Xususiylashtirish va IPO: islohotlarning amaliy natijasi
“Fitch” hisobotida davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor ulushini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ham alohida qayd etilgan.
2021-2025-yillar davomida davlat aktivlarining 5,1 milliard dollarlik qismi xususiylashtirildi. Shundan 1,9 milliard dollari 2025-yil hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bu jarayonning eng yorqin namunasi sifatida 2026-yil 13-may kuni O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi – UzNIF’ning xalqaro IPO’si qayd etilmoqda. Toshkent va London fond birjalarida bir vaqtning o‘zida o‘tkazilgan mazkur joylashtirish hajmi qariyb 692 million dollarga yetdi va Yevropadagi eng yirik IPO’lardan biri sifatida e’tirof etildi.
E’tiborlisi, “Fitch” prognozni “Positive”ga ko‘targanidan so‘ng London fond birjasida UzNIF global depozitar raspiskalari qiymati sezilarli darajada o‘sdi. Bu xalqaro investorlarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonchi tobora mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
“BBB” reytingi sari navbatdagi qadam
O‘zbekiston 2030-yilga qadar investitsiyaviy darajadagi “BBB” suveren reytingiga erishishni maqsad qilgan. “Fitch” prognozining “Positive” maqomiga o‘tishi mazkur maqsad sari harakatlar samara berayotganini ko‘rsatadi.
Odatda reyting prognozining “Positive”ga o‘zgarishi keyingi 12-18 oy davomida reytingning o‘zi ham yuqorilashi mumkinligi haqidagi signal sifatida qabul qilinadi. Shu jihatdan mazkur qaror xalqaro moliya institutlari, suveren fondlar va strategik investorlar uchun muhim ahamiyatga ega.
Bu esa mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini oshirish, “yashil” energetika, infratuzilma, yuqori texnologiyalar va turizm sohalarida yangi loyihalarni jalb qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
“Fitch”ning mazkur qarori bir martalik muvaffaqiyat emas, balki so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning mantiqiy natijasidir. Fiskal intizomni mustahkamlash, davlat moliyasini modernizatsiya qilish, xususiy mulkni qo‘llab-quvvatlash va raqobat muhitini kengaytirishga qaratilgan choralar xalqaro moliya bozorlarida O‘zbekistonga nisbatan ishonchni sezilarli darajada oshirmoqda.
Endilikda asosiy vazifa mazkur sur’atni saqlab qolish, bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish, davlat ishtirokini qisqartirish va inflyatsiyani maqsadli 5 foiz darajasiga tushirishdan iborat. Ana shunda O‘zbekistonning “BBB” investitsiyaviy reytingiga erishish maqsadi yanada yaqinlashadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA