Toshkent viloyatining “Oq ovul” jamoasi DXX kubogi g‘olibi bo‘ldi
DXX kubogining o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi futbol musobaqalarida Toshkent viloyatining “Oq ovul“ jamoasi finalda Buxoro viloyati jamoasini 1:0 hisobida yengdi.
2026-yil mamlakatimiz futboli uchun ulkan tarixiy voqeliklarga boy bo‘ldi. Milliy terma jamoamiz ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etdi.
Bunday yuksak marralarga erishishda davlatimiz rahbarining sport sohasiga qaratayotgan yuksak e’tibori muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Respublika yoshlari orasida tobora ommalashib borayotgan futbol va mini-futbol bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqalari esa millionlar o‘yiniga ishtiyoqmand iqtidorlarni kashf etish, ularni katta sport sari yo‘naltirishda o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tamoqda.
Joriy yilda ham “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqalari katta shukuh bilan tashkil etildi. Tuman va shaharlar kesimida aprel-may oylarida o‘tkazilgan bahslar iyun-iyul oylarida viloyat bosqichida davom etdi. Unda jami 262 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi.
[gallery-31021]
O‘z hududlarida tengsiz deb topilib, Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan 42 ta jamoa 17–22-avgust kunlari “Bunyodkor” futbol akademiyasi maydonlarida o‘zaro kuch sinashdi. Murosasiz kechgan bahslarda har bir jamoa o‘z hududi sharafini munosib himoya qilishga intildi.
Ishtirokchilarning bellashuvlardan tashqari bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun poytaxtimizning diqqatga sazovor maskanlariga tashriflar ham tashkil etildi. Bu yoshlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va birdamlik ruhini yanada mustahkamlab, ularga unutilmas taassurotlar bag‘ishladi.
Bu yilgi mini-futbol musobaqalari yakuniga ko‘ra, oltin medalni Qashqadaryo viloyati jamoasi qo‘lga kiritdi. Toshkent shahri jamoasi kumush medal bilan kifoyalandi. Namangan viloyati yoshlari esa shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
G‘olib jamoa mahallasiga zamonaviy mini-futbol maydoni qurib beriladi. 2-o‘rinni egallagan jamoa mahallasi universal sport maydoni bilan ta’minlansa, 3-o‘rin sohiblariga stritbol maydoni qurib beriladi.
Qizlar o‘rtasidagi bahslarda Toshkent viloyati jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Samarqand viloyati jamoasi ikkinchi, Toshkent shahri jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘olib va sovrindorlar pul mukofotlari hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi futbol musobaqalarida final yo‘llanmasi uchun kechgan bahslar ham yuqori shiddat va jiddiy qarama-qarshiliklarga boy bo‘ldi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Toshkent viloyati chempionlikni qo‘lga kiritdi. Buxoro viloyati jamoasi ikkinchi, Toshkent shahri jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
Almurod Mamadaminov (surat)
O‘zA