Futbol: VAR hakamiga chora ko‘rildi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi 18-turidan o‘rin olgan “Paxtakor” – “Surxon” uchrashuvining 90+4-daqiqasida “Paxtakor” jamoasi tomonidan gol urildi. Mazkur vaziyat VAR hakami tomonidan ko‘rib chiqildi. Shundan so‘ng bosh hakam VAR hakamining ma’lumotiga asosan golni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Ekspert hakamlar guruhi xulosasiga ko‘ra, mazkur vaziyatda VAR hakami xatoga yo‘l qo‘ygan. Ya’ni, VAR hakami bosh hakamni vaziyatni monitor orqali qayta ko‘rib chiqishga chaqirmagan va shu bilan VAR protokoli talablarini buzgan.

Natijada bosh hakam vaziyatni shaxsan monitor orqali ko‘rib qaror chiqarmasdan, VAR hakamining ma’lumotiga asosan golni bekor qilgan.
O‘zbekiston futbol hakamlari markazi VAR hakami Ravshan Abduvohidovni belgilangan talablarni buzgani sababli mavsum yakuniga qadar VAR hakamligidan chetlatdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA