Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Nurafshon shahrida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida “Mustaqillik to‘yi” festivali tashkil etildi.
Ushbu tadbirda yoshlarning sevimli san’atkori Doston Ergashev, Nurafshon shahar Madaniyat markazi ijodiy jamoasi, “Boychechak” bolalar namunali raqs jamoalari tomonidan musiqiy va badiiy chiqishlar namoyish etildi. Bayram dasturidan kuy-qo‘shiqlar, jo‘shqin raqslar, ijodiy chiqishlar o‘rin oldi.
***
Bekobod tumani Zafar shaharchasidagi Madaniyat markazida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, taniqli fototasvirchi Sultonboy Dehqonovning “Yangi Bekobod – yangi manzillar” nomli shaxsiy fotoko‘rgazmasi ochildi.

Ko‘rgazmadan muallifning 45 ta ijodiy ishi o‘rin olgan bo‘lib, ularda Yangi O‘zbekiston va Yangi Bekobodning obod manzillari, kun qahramonlari, beg‘ubor bolalik, ona yurtimizning betakror tabiati kabi mavzular o‘ziga xos badiiy nigoh bilan aks ettirilgan. Ayniqsa, “Yangi Bekobod” turkumiga mansub fotolavhalarda so‘nggi yillarda tumanda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, yangilanayotgan mahallalar va zamonaviy qiyofa kasb etayotgan hududlar ta’sirchan foto-hikoyalar orqali tasvirlangan.
Har bir surat – bir manzara emas, balki yangilanish, bunyodkorlik va inson qadri haqida hikoya. Fototasvirlarda kechagi Bekobod bilan bugungi, tobora chiroy ochib borayotgan Bekobod o‘rtasidagi katta o‘zgarishlarni ko‘rish mumkin.
***
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Renessans” oromgohida “Respublika inklyuziv IT-oromgohi” o‘z ishini boshladi. Besh kun davom etadigan tadbir Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi hamda “Digital Generation Uzbekistan” NNT hamkorligida tashkil etilmoqda.

Unda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar bilan bir qatorda Prezident, ijod maktablari o‘quvchilari va boshqa yoshlar ham ishtirok etmoqda. Bu turli imkoniyat va qobiliyatga ega bolalarning bir muhitda bilim olishi, muloqot qilishi va birgalikda rivojlanishi uchun imkoniyat yaratadi.
Dastlabki kunlari sun’iy intellekt va zamonaviy raqamli texnologiyalarga bag‘ishlangan taqdimot hamda vorkshoplar o‘tkazildi. Jamoaviy o‘yinlar va interaktiv mashg‘ulotlar orqali ishtirokchilarning ijodiy fikrlashi, raqamli ko‘nikmalari va jamoada ishlash qobiliyatlarini rivojlantirishga e’tibor qaratildi.
Mazkur tashabbus bolalarning zamonaviy texnologiyalarga qiziqishini oshirish, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va inklyuziv muhitni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA