Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘rta Chirchiq tumanida Prezidentimizning 2026-yil 26-maydagi “Kichik biznes sub’ektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ochiq muloqot va seminar tashkil etildi.
Unda Toshkent viloyati soliq boshqarmasi mas’ullari yangi farmon bilan tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilayotgan qulayliklar, soliq ma’murchiligidagi yengilliklar hamda biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Muloqot davomida tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi. Shuningdek, biznes vakillarining taklif va mulohazalari tinglanib, ularni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan fikr almashildi.
***
Ohangaron tumani hokimligi delegatsiyasi Mo‘g‘uliston davlatida xizmat safari davomida 20 ming bosh "Bayat" zotli qo‘yni olib kelishuv yuzasidan muzokara olib bordi. Bunda zotdor qo‘ylarni yuborishdan oldingi karantin tadbirlarini tashkil etish, sog‘lom hududlardan qo‘ylarni tanlab olish, karantin davrida kasalliklarga qarshi diagnostik tekshiruvlar o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

***
Bo‘stonliq tumanida joylashgan turistik va sport klasterida ilk bor tog‘ velosipedi – “Mountain bike” bo‘yicha qit’a chempionati o‘tkaziladi.
Unda Osiyoning eng kuchli sportchilari g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Mazkur musobaqaning O‘zbekistonda o‘tishi mamlakatda velosport infratuzilmasining rivojlanayotganini va xalqaro sport tadbirlarini qabul qilish salohiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi.

A.Musayev, O‘zA