Ijtimoiy adolat yer va suvga ehtiyotkorona munosabatdan boshlanadi
17-iyun dunyoning barcha mamlakatlarida Butunjahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni sifatida keng nishonlanadi. Bir qarashda bu shunchaki ekologik sana bo‘lib ko‘rinishi mumkin, biroq O‘zbekiston uchun uning ahamiyati ancha kengroq. Gap qishloq oilalarining daromadi, farzandlarimizning salomatligi, mahallalar va hududlarning kelajagi haqida ketyapti.
Xalqimiz azaldan yerni bebaho boylik deb bilgan. Har qanday boylikni esa asrab-avaylash kerak. Tuproq unumdorligi pasaysa, yaylovlar tanazzulga uchrasa, suv resurslaridan samarasiz foydalanilsa, buning oqibatlari faqat fermerga emas, balki bozor va oila, maktab va shifoxona, umuman olganda, har bir hududga ta’sir qiladi. Aynan shu sababli cho‘llanishga qarshi kurashish agronom yoki ekologlarning vazifasi bo‘libgina qolmay, odamlarning hayot sifati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy barqarorlik va adolat masalasi hisoblanadi.
Bu yil Butunjahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kunining mavzusi “Yaylovlar: tan olish, hurmat qilish, tiklash” deb nomlanadi. Ushbu mavzu mamlakatimiz uchun dolzarb ahamiyatga ega. Shaharda yashaydigan aksariyat odamlarning tasavvurida yaylov bu – aholi yashash punktlari tashqarisida joylashgan, o‘t bosgan bo‘sh yer. Vaholanki, yaylov chorvachilik uchun ozuqa bazasi, bandlik manbai, minglab oilalar turmush tarzining ajralmas qismi hisoblanadi. Go‘sht va sut narxi, qishloq iqtisodiyotining barqarorligi, bioxilma-xillik va tabiat muvozanati yaylovlarning holatiga bog‘liq.
Yaylov degradatsiyaga uchrasa, tuproq unumdorligi pasayib, shamol eroziyasi kuchayadi. Bu esa havoda chang miqdorining oshishi, ozuqa xarajatlarining ko‘payishi va xo‘jaliklar daromadining pasayishiga olib keladi. Natijada ekologik muammo ijtimoiy-iqtisodiy muammoga aylanadi. Buni, ayniqsa, og‘ir sharoitda yashayotgan odamlar, xususan Orolbo‘yi, olis qishloqlar, yaylov hududlari va mamlakatimizning boshqa tumanlari aholisi o‘z hayotida his etadi.
Orol dengizining qurishi tabiatga beparvolik bilan munosabatda bo‘lish qanchalik qimmatga tushishi mumkinligini ko‘rsatdi. Bugungi kunda davlat va jamiyat oldida ekologik fojea oqibatlarini yumshatish bilan birga, bunday xatolar boshqa takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik vazifasi turibdi. Bu har bir rahbardan uzoqni ko‘ra bilish, mas’uliyat va mahalliy aholining fikrini hurmat qilishni talab etadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda millionlab gektar yaylovlar va qishloq xo‘jaligi yerlari degradatsiyaga uchragan, ko‘pgina maydonlar turli darajada sho‘rlangan. Iqlim o‘zgarishi suv resurslariga bo‘lgan bosimni kuchaytirmoqda. Nazarimda, bu deputatlar korpusida xavotir kuchayishi uchun jiddiy asosdir. Biz turmush darajasi bevosita qurg‘oqchilik jarayonlariga bog‘liq bo‘lgan saylovchilarimiz manfaatlarini ifoda etamiz. Bugundan boshlab tizimli ishlash vaqti keldi.
Mamlakatimiz uchun suv azaldan hayot, madaniyat va mehnat manbai bo‘lib kelgan. Bugun esa bu ne’mat mas’uliyatni o‘lchaydigan bosh mezonga ham aylanmoqda. Suv aniq taqsimlangan, kanallar mustahkamlangan, fermer qancha xarajat qilganini bilib, har bir sarflangan kubometr suvning narxini bilgan joyda tejamkorlik paydo bo‘ladi. Hisob-kitob va shaffoflik bo‘lmagan joyda esa yo‘qotishlar, nizolar va adolatsizlik muqarrardir.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, kanallarni betonlash, raqamli hisob yuritishni yo‘lga qo‘yish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Nazarimda, bu – eng to‘g‘ri va maqbul yo‘l. Biroq har bir texnologiya qog‘ozda emas, amalda – dalada ishlashi lozim. Tomchilatib sug‘orish, “aqlli” hisoblagichlar, energiya tejovchi nasoslar va raqamli tizimlar amaliy natijaga xizmat qilishi, ya’ni yo‘qotishlarning kamayishi, hosildorlikning oshishi, fermer xarajatlarining kamayishi va pirovardida odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi ortishiga olib kelishi kerak.
Jamiyat zimmasida ham katta mas’uliyat yotibdi. Davlat qonun qabul qilishi, kanal qurishi, subsidiya ajratishi, daraxt ekishi mumkin. Shu bilan birga, suv va yerga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish har bir insonning odatiga aylanishi kerak. Ariqqa axlat tashlamaslik, suvni behuda isrof qilmaslik. hovlidagi daraxtni parvarishlash. zamonaviy texnologiyalarni joriy etayotgan fermerlarni qo‘llab-quvvatlash, farzandlarga tabiat tirik makon ekanini tushuntirish zarur.
Bu madaniyat oila va maktabdan shakllanishi kerak. Suvning qadrini bilgan bola ertaga mas’uliyatli iste’molchi, fermer, muhandis, tadbirkor yoki rahbarga aylanadi. Shu bois, ekologik tarbiya mamlakat barqarorligiga kiritilgan sarmoyadir. Tejamkorlik kundalik me’yorga aylansa, davlat dasturlari ham samarali hayotga tatbiq etiladi.
Yerlarni qayta tiklash masalasi ham katta ahamiyatga ega. Ihota daraxtzorlari, saksovul va boshqa qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar ekish, agroekologik landshaftlarni yaxshilash, qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga bardoshli ekin turlarini tanlash, yaylovlarni tiklash kabi ishlar jamiyat ehtiyojlari bilan uyg‘unlashgan yagona siyosatning bir qismiga aylanishi lozim. Bu borada ilm-fan, zamonaviy ma’lumotlar, agrometeostansiyalar, mahalliy hamjamiyatlar ishtiroki va doimiy nazorat talab etiladi.
Ushbu jarayonda “Yashil makon” dasturining ham o‘rni katta. Biroq bugun biz asosiy e’tiborimizni qancha daraxt ekilganiga emas, balki ularni parvarishlash, navlarni to‘g‘ri tanlash, daraxtlar kesilishining oldini olish va jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga qaratishimiz kerak. Ko‘karib, soya berayotgan, havoni tozalab, tuproq sifatini yaxshilayotgan har bir daraxt inson salomatligini yaxshilashga xizmat qiladi.
Yana bir muhim masala – cho‘llanishga qarshi kurashish. Ushbu vazifani mintaqaviy hamkorliksiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Orolqum butun dunyoga ekologik xatolar chegara bilmasligini ko‘rsatdi. Daryolar, muzliklar, kanallar, yaylovlar, chang bo‘ronlari va qurg‘oqchilik Markaziy Osiyo mamlakatlarini umumiy taqdir rishtalari bilan bog‘lab turadi. Shu bois, O‘zbekiston muloqot, ishonch va amaliy yechimlar ishlab chiqish muhimligini doim ta’kidlab keladi. Bugungi suv diplomatiyasi tinchlik, oziq-ovqat xavfsizligi va yaxshi qo‘shnichilik diplomatiyasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shu ma’noda, yangi Suv kodeksiga ham alohida to‘xtalib o‘tsak. Kodeks suvdan foydalanishning yangi madaniyatini shakllantiradigan huquqiy hujjatga aylanishi kerak. Modomiki suv milliy boylik ekan, undan foydalanish imkoniyati adolatli, hisobi shaffof, boshqaruvi yuqori darajada, isrofgarchilik uchun javobgarlik esa bu holat boshqa takrorlanmasligi uchun muqarrar va sezilarli bo‘lishi kerak.
Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston parlamentining vazifasi faqat qonunlar qabul qilishdangina iborat emas. Biz ularning ijrosini nazorat qilishimiz shart. Shundan kelib chiqib, bizni subsidiya fermerga yetib bordimi, suv tejovchi uskuna ishlayaptimi, olis mahallada ichimlik suvi bormi, byudjet mablag‘larining samarasiz sarflanishi uchun kim javobgar, ko‘kalamzorlashtirish ishlari nega natija bermadi, ekologik xavf hududida yashayotgan odamlarning huquqlari qay darajada himoyalangan kabi aniq savollar qiziqtiradi.
Biz, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi deputatlari uchun bu mavzu alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, adolat toza suv, sog‘lom muhit, xavfsiz mehnat va rivojlanish imkoniyatlaridan teng foydalanish orqali shakllanadi. Agar yer degradatsiyaga uchrasa, eng avvalo, odamlarning turmush darajasi pasayadi, suvdan oqilona foydalanilmasa, oddiy oilalar jabr ko‘radi. Demak, ekologik siyosat ayni vaqtda ijtimoiy siyosat ham bo‘lishi lozim.
17-iyun bizga kelajak yer va suvga bo‘lgan munosabatimizdan boshlanishini eslatadi. O‘zbekiston cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish uchun yetarli iroda, tajriba va imkoniyatlarga ega. Faqatgina qonunlar, ilm-fan, fermerlar mehnati, rahbarlarning mas’uliyati va fuqarolarning ekologik madaniyatini uyg‘unlashtirish kerak. Bunda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan ekologik chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etish muhim. Shundagina biz yer unumdor, suv toza, insonlar hayoti esa munosib va adolatli bo‘lishiga erisha olamiz.
N.Rashidova,
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi,
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA