Toshkent viloyati – Tyanszin: hamkorlikning yangi manzili
Bugun hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish xalqaro iqtisodiy hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Shu ma’noda, Toshkent viloyati delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasidagi amaliy tashrifi doirasida Tyanszin shahrida o‘tkazilgan biznes-forum yangi iqtisodiy tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
O‘zbekiston va Xitoyning rasmiy doiralari, yirik kompaniyalari, investorlari hamda ishbilarmonlari ishtirok etgan tadbirda ikki mamlakatdan 300 dan ortiq tadbirkor ishtirok etdi. Forumda Toshkent viloyatining investitsiyaviy va eksport salohiyati, sanoat imkoniyatlari, ishlab chiqarish bazasi, transport-logistika salohiyati hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar keng taqdim etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik so‘nggi yillarda izchil mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.
Darhaqiqat, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari tobora amaliy mazmun kasb etmoqda. Davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va ochiq muloqot savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish bilan birga, hududlar va biznes sub’ektlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish uchun ham keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Tyanszindagi biznes-forum ana shu imkoniyatlarni aniq loyihalar va yangi tashabbuslar bilan boyitishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Forumda Toshkent viloyatining sanoat salohiyati, mavjud ishlab chiqarish bazasi, investitsiyaviy imkoniyatlari va eksport yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, Toshkent viloyatining transport-logistika imkoniyatlari va investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar taqdim etildi. Bu esa Xitoy kompaniyalari bilan yangi loyihalarni shakllantirish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun asos bo‘ldi.

Forum doirasida Tyanszin shahrining yirik kompaniyalari va ishbilarmon doiralari bilan G2B va B2B shakllarida uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralarda sanoat, investitsiya, transport-logistika, mebel ishlab chiqarish va zamonaviy qurilish sohalarida hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Uchrashuvlar davomida tomonlar sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, investitsiyaviy loyihalarni ko‘paytirish, savdo hajmini oshirish, ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va tajriba almashinuvini kuchaytirishga qiziqish bildirdi.

Biznes-forumning muhim natijalaridan biri uchrashuvlar yakunida 3 ta muhim hujjat imzolanganidir. Mazkur kelishuvlar Toshkent viloyati va Tyanszin o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbir doirasida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hamda Tyanszin shahri Xalq siyosiy maslahat kengashi raisi o‘rinbosari, Uszin tumani qo‘mitasi kotibi Lyu Xuey o‘rtasida ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanayotgani, savdo-iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalar sohalarida hamkorlik ko‘lami kengayib borayotgani qayd etildi.
Ayniqsa, Toshkent viloyati va Tyanszin shahri o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash, mavjud iqtisodiy salohiyatdan samarali foydalanish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga urg‘u berildi.

Tyanszindagi muloqotlar shuni ko‘rsatdiki, bugungi hamkorlik faqat muzokaralar bilan cheklanib qolmayapti. U aniq kelishuvlar, investitsiyaviy tashabbuslar va yangi qo‘shma loyihalar bilan tobora amaliy mazmun kasb etmoqda. Bu esa Toshkent viloyatining Xitoy hududlari bilan iqtisodiy aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, investitsiyalarni ko‘paytirish va sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirishda muhim omil bo‘ladi.
A.Musayev, O‘zA